Aholini uy-joy bilan ta’minlash yanada kengayadi

Aholini uy-joy bilan ta’minlash yanada kengayadiPrezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23-yanvar kuni ipoteka dasturi doirasida 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
O‘tgan yili yurtimizda jami 40 million kvadrat metrdan ziyod bino-inshootlar qurilgan. Jumladan, 100 mingdan ziyod xonadonga ega 2 ming 44 ta ko‘p qavatli uylar bunyod etilgan.
Bu faqat ijtimoiy yoki qurilish masalasi emas, balki hududlar iqtisodiyotida yana bir drayver bo‘lmoqda. Xususan, mazkur uylarni barpo etishda va yondosh tarmoqlarda 350 ming odam ish bilan ta’minlangan. Mebel, elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish materiallari sohalarida qo‘shimcha 11 trillion so‘mlik bozor paydo bo‘lgan. Iqtisodiyotda 73 trillion so‘m mablag‘ aylanib, budjetga 14 trillion so‘m tushgan.
Sohani rag‘batlantirish uchun 2024 yilda 59 ming odamga 17 trillion so‘m ipoteka krediti ajratilgan. Quruvchi va developerlarga aylanma mablag‘ uchun jami 3 trillion so‘m berilgan.
Bu yil ushbu massivlar infratuzilmasi uchun 1,2 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Qurilishda “eskrou” tizimi joriy qilinishi bilan, developerlarga hozirgidan pastroq stavkada 1 milliard dollar aylanma mablag‘ jalb etish imkoniyati paydo bo‘ladi. Muhimi, ularni moliyalashtirish uy qurish bilan birga boshlanadi va davom etadi. Fuqarolar esa qurilish boshidan ipoteka va subsidiya olish, uy bitmasdan ham boshqa odamga sotish imkoniga ega bo‘ladi.
Ishonchli developerlar uchun yana bir imkoniyat: imoratning 50 foizi qurilganda fuqarolar kredit va subsidiya olishi mumkin bo‘ladi. Ushbu tartib nafaqat imtiyozli, balki tijorat ipoteka kreditlari uchun ham tatbiq etiladi.
Quruvchi tashkilotlar qurilish boshlaganidan yakunlagunicha, lekin ko‘pi bilan 12 oy davomida yer solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi. Obyekt muddatida topshirilmasa, developer yer solig‘ini 2 karra miqdorda to‘laydi.
“Yangi O‘zbekiston” massivi uchun ajratilgan yerning 10 foizi developerlarga tijorat binolari qurish uchun yagona lot sifatida savdoga chiqariladi. Uylarning 1-2-qavatida xususiy bog‘chalar ochish qo‘llab-quvvatlanib, mulk solig‘idan ham ozod etiladi.
Umuman, 2030-yilgacha 100 ta “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun yerlar kamida 70 ming odam yashaydigan tuman markazi yoki shahar hududiga 1-2 kilometr masofadagi joydan ajratiladi. Bu massivlarning har birida 100 ming kvadrat metrli 2 mingta xonadon quriladi.
Ishlarni sifatli tashkillashtirish uchun zamonaviy menejerlardan iborat “O‘z uyim” kompaniyasi tuziladi. Ushbu kompaniya “Yangi O‘zbekiston” massivlariga yer tanlash, loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilishga mas’ul bo‘ladi.
Mutasaddilarga xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, kelgusi besh yil uchun uy-joy siyosati strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.
Qurilish sifati va nazorati masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Endi bu jarayonlar soddalashtirilishi qayd etildi.
Sohaga salohiyatli developerlarni jalb qilish maqsadida, bundan buyon ko‘p qavatli uy qurish uchun yerlar auksionda faqat QQS to‘lovchi yuridik shaxslarga sotiladi.
Yangi Toshkentdagi uylarni isitish va sovutish markazlashgan “uch generatsiya” tizimi orqali bo‘ladi. Buning hisobiga yoz mavsumida elektr sarfi 4 karra qisqaradi. Barcha bino-inshootlarga yuqori energiya samaradorlik talablari joriy qilinadi. Transport, yoritish tizimlari va zaryadlash stansiyalari faqat “yashil” texnologiyalar asosida bo‘ladi.
Eski uylarni renovatsiya asosida yangilash masalasiga ham e’tibor qaratildi.
Bunda yerdan foydalanish samaradorligi 4-5 karra oshadi, kommunikatsiya xarajati 2 karra kamayadi. Asosiysi, bu orqali shu hududdagi odamlarning dunyoqarashi o‘zgaradi, turmush tarzi tubdan yaxshilanadi, ish o‘rni ko‘payib, iqtisodiyot rivojlanadi.
Jizzax, Marg‘ilon, Qo‘qon, Shahrisabz, Qarshi shaharlari, Do‘stlik va poytaxt tumanlarida shunday ishlar boshlangan. Bu bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham amalga oshiriladi.
Bu yil uy-joy dasturlarini moliyalashtirishga budjetdan 15 trillion 500 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Banklar tomonidan bunga qo‘shimcha 10 trillion so‘m, “Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” tomonidan 2,3 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Buning yordamida 70 mingta xonadonning ipoteka krediti orqali sotilishiga sharoit yaratiladi. Shundan 30 ming xonadon, boshlang‘ich badaliga budjetdan subsidiya to‘langan holda, daromadi yuqori bo‘lmagan oilalarga beriladi.
Yig‘ilishda viloyat hokimlari “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi, ipoteka va renovatsiya loyihalari bo‘yicha axborot berdi.
https://president.uz/oz/lists/view/7833