Tadbirkorlarning bank hisobvarag‘idagi mablag‘lar daxlsizligi bo‘yicha qonun loyihasi qabul qilindi

Tadbirkorlarning bank hisobvarag‘idagi mablag‘lar daxlsizligi bo‘yicha qonun loyihasi qabul qilindi
Unga ko‘ra, bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yishda ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan “O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi qabul qilindi.
Ya’ni, tadbirkorlik subyektlarining bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ortiqcha undirilgan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaslik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilanmoqda.Mazkur qonun loyihasi bilan tadbirkorlarning bankdagi hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz ko‘chirish yoki olib qo‘yish holatlari bo‘yicha ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralarini belgilash maqsadida Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Ta’kidlanishicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy choralarini kuchaytirishga imkon yaratadi.
Shuningdek, mulk huquqi daxlsizligining huquqiy himoyasi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Avvalroq prezident qarori bilan 2023-yil 1-maydan boshlab tijorat banklariga yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga bank hisobvarag‘ini masofadan turib ochishga ruxsat berilgandi.
Shuningdek, yuridik shaxslar elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv, ichimlik suv ta’minoti, oqova suv va telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, 2023-yildan tadbirkorlar yillik moliyaviy hisobotlarni soliq organlariga topshirish majburiyatidan ozod etiladi.
https://www.spot.uz/oz/2023/01/24/bank-account-of-entrepreneurs/