Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
Kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanadi
12 Sep 2024

Kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanadi

   Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 11-sentabr kuni kambag‘allikni qisqartirish ishlarini keyingi sifat bosqichiga olib chiqish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

   Bu yo‘nalish mamlakatimizda 2020-yilda boshlangan edi. O‘shanda 7,5 million yoki 23 foiz aholining daromadi kambag‘allik chegarasiga yetmasdi. O‘tgan yillarda 3,5 million odamni daromadli qilish orqali 2023-yil yakuni bilan kambag‘allik darajasi 11 foizga tushdi.

   Avvalo, ijtimoiy himoya qamrovi 4,5 karra kengaytirilib, o‘tgan yili 12,3 trillion so‘m yo‘naltirildi.  Pensiya va nafaqalar miqdori ham 1,5 baravar ko‘paytirildi.

   Mahallada kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlik loyihalariga 35 trillion so‘m arzon kredit, 7 trillion so‘m subsidiya berildi. Mahallalarni obod qilish, bog‘cha, maktab, tibbiyot, yo‘l, suv va elektr infratuzilmasi uchun 120 trillion so‘m ajratildi. Shuningdek, 260 ming gektar yer 800 ming aholiga dehqonchilik qilib, daromad topishi uchun tarqatildi.

   Davlatimiz rahbari keyingi yillar uchun “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Unda yettita imkoniyat va mas’uliyat tamoyili asosida O‘zbekistonni navbatdagi yangi yondashuvlari belgilab beriladi.

   Bandlik loyihalarini amalga oshirishda mikromoliya xizmatlari ham muhim va bu boradagi imkoniyatlar kengaymoqda.

   Endi 2024-2025-yillarda odamlar o‘zini o‘zi band qilishi, kichik va o‘rta tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun mikrokreditlar ajratishga 10 trillion so‘m beriladi. Shuningdek, kambag‘al oilalarga 30 million so‘mgacha uskuna, ko‘chma do‘kon, motoroller, skuter kabi vositalar 5 yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan beriladi. Kambag‘al oila farzandlariga kompyuter sotib olish uchun 5 yilga 2 yillik imtiyozli davr bilan foizsiz kredit ajratiladi.

   Har bir kambag‘al oilada, ayniqsa, xotin-qizlar orasida oliy ma’lumotlilar bo‘lishiga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun ular foizsiz ta’lim kreditlari, grantlar va boshqa moliyaviy yordamlar orqali qo‘llab-quvvatlanadi.

   Umuman, davlatimiz rahbari bu maqsad juda keng ko‘lamli ekani, unga barcha hissa qo‘shishi kerakligini ta’kidladi.  

   – Bundan buyon kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanadi. Hukumatdan tortib, tuman tashkilotigacha barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning kundalik ishi oilalarni kambag‘allikdan olib chiqish bo‘lishi kerak. Bu borada nazorat ham, so‘rov ham qattiq bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

https://president.uz/oz/lists/view/7537

/ Manba: ko'rsatilmagan / Ko'rishlar: 165
otchet uz.jpg

statistika uz.jpg


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech