Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
23 Oct 2012
Yo’ldosh Orziqulov, moliyaviy ekspert

O’zbekistonda iqtisodiy islohotlarning amalga oshirilishi respublikada makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiyotning muntazam o’sishi uchun puxta zamin yaratmoqda.

Xususan, mamlakat makroiqtisodiy ko’rsatkichlariga e’tibor qaratadigan bo’lsak, oxirgi olti yilda respublikada yalpi ichki mahsulotning o’sish sur’atlari 8,0 foizdan ziyodni, shu jumladan 2012 yilda 8,2 foizni tashkil qildi. O’tgan yilda inflyatsiya darajasi prognoz ko’rsatkichlar doirasida saqlanib qolindi va 7,0 foizdan oshmadi.

Shu o’rinda ta’kidlash lozimki, mamlakat mustaqilligining dastlabki yillarida respublika iqtisodiyoti uchun muhim strategik mahsulotlar bo’lmish neft va og’ir sanoat mahsulotlari hamda g’alla ta’minoti xorijdan keltirilishi, asosiy ishlab chiqarish fondlari eskirganligi sababli ishlab chiqarish samaradorligi past bo’lganligi, sodda qilib aytganda pul tovar-mahsulot bilan ta’minlanmaganligi natijasida valyuta kursi va inflyatsiya darajalari yuqori edi.

Hukumat, shu jumladan Markaziy bank tomonidan amalga oshirilgan izchil choralar natijasida inflyatsiya darajasining keskin pasayishiga erishildi.

Inflyatsiya darajasi, ya’ni uning asosiy ko’rsatkichi bo’lgan iste’mol narxlari indeksi 1994 yilda 1132,2 foizni (mustaqillik yillaridagi eng yuqori daraja) tashkil etgan bo’lsa, keyingi yillarda uning shiddat bilan pasayishiga erishildi.

Jumladan, ushbu ko’rsatkich 2000 yilda 28,1 foizni, 2003 yildan boshlab 8 foizdan past darajani tashkil etdi. Bu esa, o’z navbatida Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasini 250 foizdan 12 foizgacha pasaytirilishiga olib keldi hamda respublikaning moliya bozoridagi foiz stavkalari va ichki valyuta bozorlaridagi almashuv kurslari dinamikalariga ijobiy ta’sir qildi.

Milliy valyuta joriy qilingunga qadar 1992-1993 yillarda O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan rublning ayirboshlash kursi o’sha davrda Rossiya Federatsiyasi bilan o’zaro mavjud bo’lgan kelishuvga muvofiq, Moskva banklararo valyuta birjasidagi savdolar natijasi bo’yicha Rossiya banki tomonidan o’rnatiladigan kurs asosida belgilanar edi.

Valyuta bozorini rivojlantirish va oltin-valyuta zaxiralarini shakllantirish bo’yicha ko’rilgan chora-tadbirlar 1994 yilning 15 aprelidan boshlab O’zbekiston Respublikasi valyuta birjasida doimiy savdolarni o’tkazishga kirishish va o’tkazilgan savdolar natijasi bo’yicha so’mning chet el valyutalariga nisbatan qiymatini e’lon qilish imkonini berdi. Valyuta birjasidagi savdolar haftasiga ikki marotaba, 1997 yil aprel oyidan boshlab esa, har kuni o’tkazila boshlandi.

Hozirgi kunda so’mning xorijiy valyutalarga nisbatan kursi Markaziy bank tomonidan banklararo valyuta savdolaridagi ayirboshlash kursi, pul massasining dinamikasi hamda inflyatsiya darajasini hisobga olgan holda har haftada aniqlanib e’lon qilinmoqda.

2012 yilda valyuta siyosati milliy valyuta va narxlar barqarorligini ta’minlash hamda eksportni rag’batlantirishga yo’naltirildi.

Bunda ichki valyuta bozorida almashuv kursini maqsadli koridor doirasida ushlab turish uchun, valyuta savdolarida interventsiya operatsiyalarini amalga oshirish orqali Markaziy bank tomonidan so’m almashuv kursining o’zgarib boruvchi boshqariladigan usuli qo’llanilmoqda.

Inflyatsiya darajasi, pul massasi hajmining va boshqa makroiqtisodiy ko’rsatkichlarning belgilangan maqsadli parametrlaridan kelib chiqib, Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi 2012 yilda yillik 12 foiz miqdorida saqlab qolindi.

Qayta moliyalash stavkasining ushbu darajada ushlab turilishi pul bozorida moliyaviy resurslarga bo’lgan talab va taklifning muvozanatini saqlashga, real sektor korxonalarining investitsion imkoniyatini oshirishga, iqtisodiyotni kreditlash va ayni paytda tijorat banklarining resurs bazasining barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Mazkur makroiqtisodiy ko’rsatkichlar nufuzli jahon tashkilotlari, chet ellik ekspertlar tomonidan keng e’tirof etilmoqda. O’zbekistonga 2012 yil noyabr-dekabr oylarida tashrif buyurgan Xalqaro valyuta jamg’armasi missiyasining bildirgan fikrlari buning yaqqol tasdig’idir. Missiyaning ta’kidlashicha, “O’zbekiston iqtisodiyoti jadal sur’atlar bilan o’smoqda. Soliq-byudjet va tashqi faoliyat sohalaridagi mustahkam pozitsiya, bank tizimining barqarorligi, davlat qarzining kamligi va tashqaridagi qarz olishga ehtiyotkorlik bilan yondashish mamlakatni global inqirozning salbiy oqibatlaridan himoya qildi.”

Qayd etish lozimki, O’zbekistonda qulay investitsion muhit shakllantirilgan bo’lib, xorijiy investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo’yicha qonun yo’li bilan keng ko’lamdagi imtiyozlar, afzalliklar va kafolatlar tizimi belgilangan.

Xususan, O’zbekiston Respublikasining “Chet el investitsiyalari to’g’risida”gi Qonuniga ko’ra chet ellik investor xalqaro huquq printsiplari va O’zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq investitsiya faoliyati natijasida olingan daromadni mustaqil va erkin tasarruf etish, shu jumladan, uni moneliksiz repatriatsiya qilish, o’z hisobvarag’idagi milliy valyuta mablag’laridan ichki valyuta bozorida chet el valyutasini sotib olish uchun foydalanish huquqiga ega.

Shuningdek, O’zbekiston Respublikasining “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to’g’risida”gi Qonuniga muvofiq, chet ellik investorlarga chet el valyutasidagi pul mablag’larini, shu jumladan investitsiyalarni amalga oshirishdan tushgan daromadlarni, chet el investitsiyalarining hammasini yoki bir qismini sotishdan kelgan tushumni O’zbekiston Respublikasiga va undan tashqariga, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda cheklashsiz erkin o’tkazish kafolatlanadi.

Mamlakat iqtisodiyotiga kiritilayotgan investitsiya umumiy hajmining 26,6 foizdan ko’prog’i xorijiy investitsiyalarning hissasiga to’g’ri keladi. Bu esa xorijiy investorlarning respublika iqtisodiyoti barqarorligi va uni rivojlantirish istiqbollariga qiziqishi hamda ishonchi ortib borayotganligidan yaqqol dalolat beradi.

Bugungi kunda, respublikada 29 ta tijorat banki faoliyat ko’rsatib, shundan Savdogarbank, Hamkorbank, Ipak Yo’li bank, KDB Bank O’zbekiston, O’T-Bank, Eron Soderot bankining sho’’ba banki, RBS O’zbekiston MB, Aziya Alyans bank, Ravnaqbank va Kredit-Standart banklarida chet el kapitali mavjud.

Xususan, mazkur banklarda rivojlangan davlatlarning tijorat banklari, xususan Shotlandiyaning mashhur RBS banki, Janubiy Koreyaning KDB-banki, Turkiyaning yirik Ziraat-banki, shuningdek AQSh, Germaniya, Angliya, Avstriya, Niderlandiya, Shveytsariya, Singapur va Rossiya davlatlarining yuridik shaxslari yirik ulushlarga ega.

Ta’kidlash lozimki, mazkur chet el kapitali mavjud tijorat banklari aktivlarining bank tizimidagi ulushi oxirgi o’n yil ichida 3 barobardan ziyodga oshdi.

O’zbekistonda investitsion va ishbilarmonlik muhitlarning samarali shakllantirilganligi natijasida xalqaro va jahonning etakchi moliya tashkilotlarida mamlakatimiz banklariga juda katta qiziqish uyg’onmoqda, ularni yangi investitsiya ob’ekti sifatida ko’rmoqda.

Jumladan, Osiyo taraqqiyot banki va Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi O’zbekiston banklarida o’z ulushlariga ega. Janubiy Koreyaning yirik banklari Shinhan va Woori banklari tomonidan O’zbekiston banklari kapitalida ishtirok etish va respublikada bank tashkil etish borasida o’rganishlar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, O’zbekiston bank sohasidagi iqtisodiy vaziyatni va holatni o’rganish maqsadida, maslahat berish, kredit tashkilotlari bilan aloqalarni mustahkamlash va kengaytirish hamda kelajakda respublikada tijorat banki sifatida ro’yxatdan o’tish maqsadida Landesbank AG (Germaniya), Sommerzbank AG (Germaniya), JPMorgan Chase Bank (AQSh), Export-Import Bank of Korea (Janubiy Koreya), Shinhan bank (Janubiy Koreya) va Pokiston milliy bankining vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda.

Banklar tomonidan 50 dan ortiq xorijiy davlatlarning 80 ga yaqin etakchi banklari, xususan birgina Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan xorijiy davlatlarning 30 ga yaqin yirik banklari bilan vakillik munosabatlari o’rnatilgan.

Xususan, respublika tijorat banklari JP Morgan Chase Bank (AQSh), Citibank New York (AQSh), Chase Manhatten Bank (AQSh), HSBC Bank PLC (Angliya), Barclays Bank (Angliya), Deutsche Bank (Germaniya) Sommerzbank AG (Germaniya), UBS AG (Shveytsariya), Credit Suisse bank (Shveytsariya), Societe Generale Bank (Frantsiya), BNP PARIBAS (Frantsiya) Sumitomo Mitsui Bank (YAponiya), Raiffeisen Bank (Avstriya) va Sberbank (Rossiya) kabi yirik banklar bilan ko’p yillardan buyon hamkorlik qilib, ular bilan ishonchli munosabatlarni o’rnatishgan.

Bu bilan, bank mijozlariga xohlagan xorijiy davlatdagi sheriklari bilan moliyaviy munosabatlarini o’rnatish imkoniyatlari yaratilgan.

Mamlakatdagi moliyaviy barqarorlik va banklarning ishonchliligi sababli xalqaro moliya tashkilotlari va jahonning yirik tijorat banklari O’zbekiston banklari bilan hamkorlik ishlarini rivojlantirmoqdalar.

Xususan, bugungi kunda O’zbekiston banklari Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro rivojlantirish assotsiatsiyasi, Islom taraqqiyot banki, Xususiy sektorni rivojlantirish bo’yicha islom korporatsiyasi, Germaniya rivojlantirish banki (KFW), Landesbank AG (Germaniya), Commerzbank AG (Germaniya), Hypo Vereins Bank AG (Germaniya), Societe Generale banki (Frantsiya), Niderlandiya rivojlantirish banki (FMO), YAponiya xalqaro hamkorlik banki, Xitoy rivojlantirish davlat banki, Xitoyning eksport-import banki, Koreyaning eksport-import banki va boshqa yirik xorijiy banklarning kredit liniyalarini jalb qilgan.

Qayd etish lozimki, ushbu kredit liniyalarining aksariyati Hukumat kafolatisiz jalb qilingan bo’lib, ular bo’yicha to’lovlar o’z vaqtida amalga oshirilmoqda.

O’zbekiston o’zining ishonchli va to’lov qobiliyatiga ega hamkor ekanini, mamlakatimizda chet el sarmoyasini jalb etish bo’yicha har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratilganini amalda isbotlamoqda.

O’zbekiston qisqa muddatli spekulyativ kreditlardan voz kechib, chet el investitsiyalarini uzoq muddatli va imtiyozli foiz stavkalari bo’yicha jalb etish tamoyiliga doimo amal qilib kelmoqda. Bu bilan respublika bank tizimining jahonda yuz beradigan har qanday moliyaviy inqirozning salbiy ta’siri va oqibatlaridan ishonchli tarzda himoyalanganidan dalolat beradi.

Xalqaro valyuta fondining yuqorida keltirilgan missiyasi tomonidan «O’zbekiston bank tizimi yuqori ko’rsatkichlarga erishishni davom ettirmoqda. Xalqaro standartlardan kelib chiqib tijorat banklari kapitalining etarlilik ko’rsatkichi yuqori darajada saqlanmoqda»– deya e’tirof etildi.

Bank tizimi moliyaviy barqarorligini mustahkamlash borasidagi aniq maqsadli chora-tadbirlar oxirgi o’n yilda barqaror resurs manbai hisoblanmish banklar umumiy kapitali hajmini 9 barobardan ziyodga, oxirgi uch yilda 2 barobardan ortiq o’sishini ta’minladi, 2012 yilda esa bank tizimi umumiy kapital hajmi 24,2 foizga oshdi.

Banklar tomonidan o’z kapitalini oshirish bo’yicha muntazam ravishda qo’shimcha aktsiyalar muomalaga chiqarilmoqda. Ushbu aktsiyalar asosan o’z aktsiyadorlar o’rtasida va kamida 25 foizi fond birjasi orqali birlamchi ochiq joylashtirilmoqda.

Shu o’rinda ta’kidlash lozimki, tijorat banklari kapitallashuv darajasini oshirilishi, boshqa mamlakatlardan farqli ularning likvidlik darajasini saqlab turish uchun emas, balki ularning investitsiyaviy faolligini yanada kuchaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarini kreditlash hajmini yanada oshirishga qaratilgan.

Mamlakat bank tizimi kapitalining etarlilik darajasi 24,3 foizni tashkil etib, bu belgilangan xalqaro me’yorlardan 3 barobarga ko’pdir. Bank tizimining joriy likvidlilik ko’rsatkichi oxirgi yillarda 65 foizdan yuqori darajada bo’lib, talab etiladigan eng kam darajadan 2 barobardan ham ziyodni tashkil qildi.

Bugungi kunda, respublikadagi barcha tijorat banklari universal bank sifatida faoliyat ko’rsatmoqda. Ularning aktivlari iqtisodiyotning barcha tarmoqlari bo’yicha diversifikatsiyalangan.

Tijorat banklari boshqaruv organi bankni boshqarishda, jumladan bankning kredit, investitsiya, moliyaviy va xodimlar siyosatlarini belgilash bo’yicha mutlaq huquqqa ega.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga asosan, vazirliklar va idopalap, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari rahbarlarining tijorat banklari va ularning filiallari faoliyatiga, shu jumladan filiallarning rahbar xodimlarini tayinlashga aralashishlari, bank mablag’lari hisobidan turli xil to’lovlar va badallarni talab qilishlari, shuningdek nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza etuvchi organlarning bank-kredit portfeli va aktivlarini shakllantirish bilan bog’liq tadbirkorlik tavakkalchiliklarini boshqarish bo’yicha banklarning faoliyatiga aralashishlari taqiqlangan.

Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi oqibatlari davom etayotgan davrda ayrim rivojlangan mamlakatlar bank tizimida davlat ulushi oshayotgan bir paytda, O’zbekistonda davlat banklarining aktivlari bank tizimidagi ulushi yildan-yilga pasayish tendentsiyasiga ega. Xususan, 2000 yilda ushbu ko’rsatkich 71,7 foizni tashkil qilgan bo’lsa, 2007 yil 54,6 foizgacha pasaydi, 2012 yilda esa 44,7 foizni tashkil etgan.

Aholining banklardagi omonatlari hajmi o’tgan 2012 yilda 35 foizga, 2000 yildagiga nisbatan esa 60 barobar oshdi.

2012 yilda tijorat banklarining iqtisodiyotning real sektoriga yo’naltirilgan kredit qo’yilmalari umumiy hajmi 2011 yilga nisbatan 1,3 barobarga oshdi. Muddati uch yildan ko’p bo’lgan uzoq muddatli kreditlar 30,9 foizga oshdi va umumiy kredit portfelining 76,8 foizini tashkil etdi. Umuman, iqtisodiyotning real sektoriga yo’naltirilgan kredit qo’yilmalarining umumiy hajmi so’nggi 10 yilda 33 martaga, oxirgi uch yilda esa 2,4 barobarga oshdi.

Umuman olganda, oxirgi o’n yilda iqtisodiyotning real sektorini kreditlashga yo’naltirilgan ichki manbalar hajmi 15 barobardan ziyodga, oxirgi uch yilda esa 2,4 barobarga oshdi. Bunday siyosat natijasida, ichki manbalar hisobidan berilgan kreditlarning tijorat banklari kredit portfeli umumiy miqdoridagi ulushi 85,8 foizni tashkil etdi.

Xususan, oilalarning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, turmush darajasini oshirish maqsadida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan, jumladan mebellar, maishiy texnikalar va boshqa uzoq muddat foydalanishga mo’ljallangan mahsulotlarni sotib olishga birgina 2012 yilda jami 320 mlrd. so’mlik iste’mol kreditlari ajratildi.

Aholiga ajratilgan iste’mol kreditlarining umumiy hajmi so’nggi uch yil mobaynida 2 barobardan ziyodga oshdi.

2012 yilda banklar kreditlari hisobiga 79 ta ko’p qavatli uylar yoki 3212 ta xonadon va qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo’yicha 8510 ta yakka tartibdagi uy-joylar qurildi va foydalanishga topshirildi.

Aholining qurilgan uylarni sotib olishi uchun 2012 yilning o’zida 12 316 ta oilalarga jami 717,4 mlrd. so’mlik ipoteka kreditlari ajratildi.

Umuman, so’nggi uch yil mobaynida 35 897 ta oilalarga 1 663,8 mlrd. so’mlik ipoteka kreditlari ajratilib, shundan 1 297,8 mlrd. so’mi yoki 78 foizi qishloq joylar hissasiga to’g’ri keldi.

Qishloq joylarida namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylar qurish dasturini amalga oshirishda Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Jahon banki kabi ko’plab nufuzli xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari ham faol ishtirok etmoqda.

Xususan, 2011 yilda Osiyo taraqqiyot banki tomonidan jami 500 mln. AQSh dollari miqdoridagi “O’zbekistonda qishloq joylarida uy-joylar qurishni rivojlantirish” loyihasini ko’p transhli moliyalash dasturi ma’qullandi.

Alohida qayd etish lozimki, 2012 yilda ham tijorat banklari tomonidan kichik biznes sub’ektlariga ajratilgan kreditlar miqdorining oshishi barqaror bo’ldi. Xususan, 2012 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga ajratilgan kreditlar miqdori 2011 yilga nisbatan 1,3 barobarga oshib, 5,3 trln. so’mni takshil etgan bo’lsa, ajratilgan mikrokreditlar hajmi esa 2011 yilga nisbatan 1,2 trln. so’mga yoki 1,5 barobarga ortdi.

Hukumat tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish bo’yicha qulay ishbilarmonlik muhiti hamda ishonchli huquqiy kafolatlar yaratilganligi va mamlakat tijorat banklari tomonidan ularni moliyaviy qo’llab-quvvatlash natijasida so’nggi o’n yilda yalpi ichki mahsulot tarkibida kichik biznes ulushi 31,1 foizdan 52,5 foizga o’sdi, xususan 2012 yilda ushbu ko’rsatkich 54,6 foizni tashkil qildi.

Tijorat banklari respublika hududlarida tashkil etilgan 9 mingdan ziyod bank infratuzilmalari orqali aholi va xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga to’laqonli bank xizmatlari ko’rsatib kelmoqda. Xalqaro valyuta fondining tadqiqotlariga ko’ra, har 100 mingta katta yoshli aholiga to’g’ri keluvchi bank muassasalari soni bo’yicha O’zbekiston MDH davlatlari ichida etakchi o’rinni egallamoqda.

Ta’kidlash lozimki, O’zbekiston bank tizimining rivojlanish istiqbollariga “Moody’s” xalqaro reyting agentligi tomonidan ketma-ket oxirgi uch yilda “barqaror” reyting darajasi berildi. “Standard & Poor’s” agentligi ham mamlakat bank tizimini ijobiy baholab, reytingini bir pog’ona yuqoriga ko’tardi.

O’zbekiston banklarining 28 tasi (“Fitch Ratings”, “Moody’s” “Standard & Poor’s”) xalqaro reyting kompaniyalarining “barqaror” baholarini olishgan. Ushbu banklarning jami aktivlari summasi mamlakat bank tizimining qariyb 100 foizini tashkil etadi.

Respublika tijorat banklarining “Fitch Ratings”, “Moody’s” va “Standard & Poor’s” etakchi xalqaro reyting agentliklari bilan aloqalari mustahkamlanmoqda. Xalqaro reyting agentliklari tomonidan O’zbekiston banklari uchun har yili seminarlar va amaliy uchrashuvlar o’tkazish an’anaga aylandi.

O’zbekistonda moliyaviy xizmatlar bozorining asosiy ishtirokchisi bo’lgan banklar tomonidan barcha zamonaviy bank xizmatlari taklif qilinib, ular jahon andozalari asosida amalga oshirilmoqda.

Xalqaro moliya tashkilotlari va rivojlangan davlatlar banklari ishtirokida bo’lib o’tayotgan konferentsiya ishtirokchilari tomonidan O’zbekiston bank tizimida olib borilayotgan islohotlar va tijorat banklari tomonidan ko’rsatilayotgan bank xizmatlari sifati va saviyasi oshayotganligi alohida ta’kidlanmoqda.

Jumladan, mamlakat tijorat banklari tomonidan mijozlarga xizmat ko’rsatish xonalari jahon standartlariga mos holda jihozlanganligi hamda ko’rsatilayotgan bank xizmatlari axborot texnologiyalardan foydalangan holda ko’rsatilishi mijozlarga ancha qulayliklar yaratilganligi e’tirof etildi.
/ Manba: ko'rsatilmagan / Ko'rishlar: 21
otchet uz.jpg

statistika uz.jpg

So’rov

Bizning saytimiz sizga yoqdimi?

Valyutalar kurslari

USD
AQSh dollari
8182.73 -5.60
EUR
Yevro
10158.86 +101.13
RUB
Rossiya rubli
145.10 +4.14
GBP
Angliya funt sterlingi
11482.01 +132.98
20.02.2018 dan ma’lumotlar


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech