Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

O’zbekiston banklari Assotsiatsiyasi Bosh direktori, i.f.n. S.P. Abdullaevning «Xalqaro moliya bozorlariga integratsiyalashuv sharoitida O’zbekiston bank-moliya sohasini modernizatsiyalashning zamonaviy tendentsiyalari»” mavzusida tashkil etilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyasidagi

MA’RUZASI

Mamlakatimizda iqtisodiy o’sishni ta’minlashda moliya bozori salohiyatidan foydalanish yo’nalishlari

Assalomu alaykum, hurmatli hamkasblar, konferentsiya ishtirokchilari va mehmonlar

So’z boshida O’zbekiston banklari Assotsiatsiyasi nomidan Sizlarni samimiy qutlab, xalqaro moliya bozorlariga integratsiyalashuv sharoitida O’zbekiston bank-moliya sohasini modernizatsiyalashning zamonaviy tendentsiyalari masalalariga bag’ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya ishining boshlanishi bilan tabriklashga ijozat bergaysizlar.

Jahondagi moliyaviy globallashuv sharoitida muhtaram Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan rivoj­la­nish­ning “O’zbek modeli” asosida amalga oshirilayotgan progressiv mak­roiqtisodiy va faol investitsiya siyosatini amalga oshirish, shuningdek O’zbekiston moliya bozorining iqtisodiyotdagi rolini yanada oshirish natijasida, jahon iqtisodiyotida yuz berayotgan inqiroz holatlariga qaramasdan, mamlakatimiz iqtisodiyotining yuqori barqaror o’sish sur’atlari va makroiqtisodiy mutanosiblik ta’minlanmoqda.

Mustaqil mamlakatimiz moliya bozorida, shu jumladan bank-moliya tizimida o’tkazilayotgan islohotlar natijasida zamonaviy jahon andozalariga va talablariga mos keladigan moliya-bank tizimi hamda bozor infratuzilmasi bosqichma-bosqich shakllantiril­moqda, moliya-bank sohasini yanada erkinlashtirishga qaratilgan qator qonunchilik tashabbuslari va ulardan kelib chiquvchi muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Respublikamizda bank-moliya tizimi barqarorligini ta’minlashga katta e’tibor berilayotganligi tufayli mamlakatimizda barpo etilgan bank-moliya tizimining barqaror va ishonchli faoliyat yuritishi, uning jahon moliya bozoridagi nufuzi ortib borishi, shuningdek mamlakatimizni modernizatsiya qilish yo’lidagi dadil qadamlarimiz dunyo jamoatchiligi, shuningdek, qator nufuzli xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan e’tirof etilmoqda.

Takidlash joizki, global jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davrida ham mamlakatimiz bank-moliya tizimi barqaror o’sish sur’atlarini saqlab qoldi. Bugungi kunda bank biznesi Respublikamiz iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan segmentlaridan biri bo’lib, sohadagi aktivlar, kapital darajasi, kredit qo’yilmalari va investitsion amaliyotlar hajmi kabi asosiy ko’rsatkichlarining o’sish sur’atlari buni yaqqol tasdiqlamoqda.

Ma’lumki, respublika moliya-bank tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va barqarorligini oshirish, banklar va butun moliya-bank tizimi faoliyatiga yondashuvlarni hamda baholash tizimini tubdan o’zgartirish, qabul qilingan xalqaro normalar, standartlar va baholash ko’rsatkichlariga muvofiq bank faoliyatini tashkil etishning yanada yuqori darajasiga chiqishni ta’minlash maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 26 noyabrdagi «2011–2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko’rsatkichlariga erishishning ustuvor yo’nalishlari to’g’risida»gi PQ-1438-sonli Qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorda moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirishning asosiy yo’nalishlari sifatida Bazel’ qo’mitasi tomonidan belgilangan xalqaro standartlar talablariga muvofiq, tijorat banklarini yanada kapital­lashtirish, ushbu sohaga xususiy kapitalni jalb etish, resurs bazasini ko’paytirish, tijorat banklarining investitsiyaviy faolligini kuchaytirish, omonatchilar uchun kafolatlarni ku­chaytirish va bank tizimiga aholi hamda xorijiy investorlarning ishonchini yanada mustahkamlash, yangi jozibali omonatlar va depozitlarni tatbiq etish, ko’rsatilayotgan bank xizmatlarining turi va ko’lamini kengaytirish yo’li bilan aholi hamda xo’jalik sub’ektlarining bo’sh mablag’larini bank aylanmasiga keng jalb etish bo’yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish, nobank moliya tashkilotlari, lizing, sug’urta va auditorlik kompaniyalarining rolini yanada oshirish hamda tarmog’ini rivojlantirish, xalqaro normalar va standartlarga muvofiq ularning barqarorligi va samaradorligini ta’minlash, ular tomonidan ko’rsatiladigan xizmatlar turi va ko’lamini kengaytirish, moliya bozori infratuzilmasi institutlarini mustahkamlash, shuningdek, moliya-bank faoliyatining me’yoriy-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, zamon talablari va xalqaro normalar hamda standartlarga muvofiq holda amaldagi qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish hamda yangi qonun hujjatlari va me’yoriy hujjatlar qabul qilish bo’yicha muhim vazifalar belgilandi.

O’z navbatida shuni ham alohida ta’kidlash joizki,“Xususiy bank va moliya institutlari hamda ular faoliyatining kafolatlari to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi mamlakatimizda xususiy tijorat banklarini hamda lizing, sug’urta kompaniyalari, mikromoliyaviy tashkilotlar kabi moliyaviy institutlarni tashkil qilish va ularning faoliyat ko’rsatishi uchun qulay va teng shart-sharoitlarni yaratish, xususiy kapitalni jalb etish va undan samarali foydalanish, hususiy sektorning moliyaviy bazasi va daromadlarini oshirish, aholi bo’sh pul mablag’larining depozitlarga jalb qilinishini yanada rag’batlantirish, tijorat banklari va boshqa moliya-kredit muassasalarining resurs bazasini kengaytirish hamda zamonaviy moliyaviy infratuzilmani rivojlantirish uchun muhim omil sifatida xizmat qiluvchi huquqiy asosni yaratdi.

Ma’lumki, mustaqillik yillarida mamlakatimiz moliya bozorini yanada rivojlantirish, uni jahon andozalari darajasiga ko’tarish hamda zamonaviy bozor infratuzilmasini shakllantirish borasida qabul qilingan qonunlarga binoan yurtimizda Markaziy bank hamda tijorat banklaridan iborat bo’lgan, bozor iqtisodiyotiga mos keladigan mustaqil, ikki pog’onali bank tizimi yaratildi, qator sug’urta va lizing kompaniyalari, mikrokredit tashkilotlari, “Toshkent” fond birjasi, valyuta birjasi va qimmatli qog’ozlar bozori faoliyat ko’rsatmoqda.

Hurmatli konferentsiya ishtirokchilari, mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish uchun katta hajmdagi investitsiyalar zarur bo’ladi. Investitsiyalarni esa moliya bozori va qimmatli qog’ozlar bozori orqali olib kelish mumkin. Shuning uchun ham mamlakatning iqtisodiy o’sishida moliya bozori va qimmatli qog’ozlarning roli nihoyatda kattadir.

Moliya bozori hamda zamonaviy moliyaviy infratuzilmaning rivojlanishi innovatsion rivojlanish yo’liga o’tishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. Faqat shunday sharoitdagina investitsiya faoliyatini faollashtirish va investitsiya oqimlarini ishlab chiqarish, so’ngra esa yuqori texnologiyalar sohasiga qayta yo’naltirish mumkin bo’ladi. Zamonaviy moliya bozorlarining asosiy unsurlarini yaratmasdan turib, iqtisodiy o’sish asosiy omillaridan biri hisoblangan to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalarning kirishiga erishib bo’lmaydi.

Moliya bozori yordamida iqtisodiyotda pul mablag’lari harakati ta’minlanadi, shuningdek, moliya resurslarini beto’xtov shakllantirish, ulardan samarali foydalanish va sarmoyalash amalga oshiriladi. U investitsiyaga aylanayotgan pulning xo’jalikning turli sohalari o’rtasida erkin ko’chib yurishi, moliya resurslaridan erkin va oqilona foydalanishni ta’minlaydi.

O’z navbatida, pulning kapital sifatida ishlab chiqarishga safarbar etilishi iqtisodiy salohiyatni kuchaytiradi, innovatsiyalar, fan-texnika taraqqiyotini jadallashtiradi va shu asosda xalq farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Ma’lumki, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davrida mamlakatimiz moliya bozori o’zining barqaror va ishonchli ekanini is­botladi. Shu bilan birga, O’zbekiston moliya bozorini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirish uchun kuyidagi ishlarni olib borish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz:

- jahon amaliyoti talablariga muvofiq O’zbekiston moliya bozori faoliyatini tartibga solish, nazorat qilish va barqaror rivojlanishini ta’minlash, shuningdek, moliyaviy xizmatlar bozori ishtirokchilari va investorlarining huquqlarini himoya qilishning qonunchilik asoslarini yanada takomillashtirish;

- jahon standartlari talablariga muvofiq moliya bozorini yanada erkinlashtirish, uning barqarorligi va kapitallashuv darajasini oshirish;

- mamlakatimiz moliya bozori raqobatbardoshligini mustahkamlash va uning yangi segmentlarini shakllantirish;

- moliya bozoriga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, milliy iqtisodiyotga xorijiy valyuta tushumlarini ko’paytirish maqsadida mamlakatning xalqaro moliya bozorlari bilan integratsiyasini ta’minlovchi samarali vositalarni rivojlantirish;

-O’zbekistonda iqtisodiy o’sishni ta’minlash, shuningdek, ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish uchun resurslarni shakllantirish, investitsiyalarni jalb qilish hamda sohalar va korxonalar o’rtasida samarali kapital oqimini tashkil etishda moliya bozori salohiyatidan yanada keng foydalanish;

- tijorat banklari va nobank moliya institutlarining investitsion faolligini yanada kuchaytirish hamda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va investitsion loyihalarni moliyalashtirishdagi ishtirokini yanada kengaytirish;

- moliya bozorini yanada rivojlantirish hamda mablag’lardan samarali foydalanish maqsadida moliya bozorida hisob-kitob, kliring tizimi bar­qarorligini oshirish va unga zamonaviy xalqaro tajribalarni joriy etish;

- mamlakatimiz moliya bozorida real iqtisodiyot yoki moliya bozoridagi bazis aktivlar muomalasi doirasida hosila moliyaviy vositalar bilan operatsiyalarni amalga oshirish. Bunda hosila moliyaviy vositalar bilan spekulyativ amaliyotlarni cheklash mexanizmlarini joriy etish;

- moliyaviy aktivlar likvidliligini oshirish, moliya bozorida innovatsiyalarni yaratish maqsadida moliyaviy aktivlar sek’yuritizatsiyasi uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratish;

- moliya bozoridagi likvidlilikni tartibga solish maqsadida REPO, SVOP operatsiyalarini yanada rivojlantirish;

- moliya bozorida faoliyat yurituvchi moliya institutlari tomonidan xizmat ko’rsatish sifatini oshirish hamda zamonaviy moliyaviy xizmatlar ko’lamini yanada kengaytirish;

- global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz sharoitida jahon moliya bozori rivojlanishining ilg’or xorij tajribasini tahlil qilish va undan O’zbekiston amaliyotida foydalanish imkoniyatlarini baholash.

Hurmatli konferentsiya ishtirokchilari milliy iqtisodiyotimizni modernizatsiya qilishda mamlaktimizda shakillanib borayotgan qimmatli qog’ozlar bozori salohiyatidan ichki va tashqi investitsiyalarni jalb etishning ishonchli vositasiga aylantirish muhim ahmaiyatga ega. Bu borada, kuyidagilarni taklif etamiz:

– tijorat banklari tomonidan obligatsiyalar va depozit sertifikatlarni muomalaga chiqarish bilan bog’liq bo’lgan jarayonlarni yanada soddalashtirish va ularning emitentlar hamda investorlar uchun jozibadorligini oshirish;

– chaqirib olinmaydigan depozit sertifikatlari muomalasini yo’lga qo’yishni tashkillashtirish, uning huquqiy asoslarini mustahkamlash;

– Bazel’ qo’mitasining yangi tavsiyalariga muvofiq bank kapitali tarkibida barqaror elementlar, ya’ni oddiy aktsiyalar salmog’ini ortirish;

– qimmatli qog’ozlar ikkilamchi bozorini faollashtirish, subordinar qarzning hajmlarini kengaytirish;

– progressiv fond dastaklarini, shu jumladan kommulyativ aktsiyalar, konvertatsiyalanadigan obligatsiyalar, ipoteka sertifikatlari, hosilaviy va garov qimmatli qog’ozlarni emissiya qilish va muomalaga chiqarish ko’lamini kengaytirish;

– banklarning uzoq muddatli resurslarini ko’paytirish borasida bank depozitlari, depozit sertifikatlari va korporativ obligatsiyalarining yangi turlarini joriy etish va amaldagi turlarini ularning muddatlari, summasi, valyuta turlari va to’lash usullari bo’yicha yanada takomillashtirish;

– garov ob’ekti hisoblangan qimmatli qog’ozlar ro’yxatini kengaytirish va bu ro’yxatni muntazam e’lon qilib borish;

– aktivlar sek’yuritizatsiyasini tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish. Bunda “moliyaviy pufaklar” paydo bo’lishini oldini olish maqsadida ushbu faoliyat ustidan prudentsial nazoratni kuchaytirish, sek’yuritizatsiyalanayotgan aktivlar shaffofligini oshirish hamda ularning ta’minlanganlik darajasiga e’tibor berish.

Hurmatli ishtirokchilar, o’ylaymizki, konferentsiya ochiq muzokara tarzida o’tkazilib, anjuman tavsiyalari mamlakatimiz bank-moliya sohasida modernizatsiya jarayonlarini yanada jadallashtirish, mamlakatimiz moliya bozorini yanada mustahkamlash va jahon talablariga mos keladigan zamonaviy bozor infratuzilmasini shakllantirish, moliya bozorida raqobatni yanada kuchaytirish, moliya-kredit institutlari tomonidan ko’rsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshirish va ko’lamini yanada kengaytirishga imkon yaratadi.

Konferentsiya tashkilotchilari, ishtirokchilari va mehmonlarga yana bir bor minnatdorchilik bildirgan holda, konferentsiyani samarali o’tishini tilab qolamiz!


O'zbekiston banklari Assotsiatsiyasi bosh direktori S. Abdullaevning ma'ruzasi. Mazkur ma’ruza “Xalqaro moliya bozorlariga integratsiyalashuv sharoitida O’zbekiston bank-moliya sohasini modernizatsiyalashning zamonaviy tendentsiyalari” mavzusida o’tkazilgan respublika ilmiy-amaliy konferentsiyasi tezislari to’plamida chop etilgan. Ma’ruza matni – rus tilida.


Mamlakatimizda iqtisodiy o’sishni ta’minlashda moliya bozori salohiyatidan foydalanish yo’nalishlari
Yuklab olish
Hajmi: 55.50 KB


otchet uz.jpg

statistika uz.jpg

So’rov

Bizning saytimiz sizga yoqdimi?

Valyutalar kurslari

USD
AQSH dollari
8455.37 +4.00
EUR
EVRO
9554.57 +77.20
RUB
Rossiya rubli
131.53 +2.16
GBP
Angliya funt sterlingi
11060.47 +43.26
16.04.2019 dan ma’lumotlar


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech