Nizom
«O’ZBEKISTON BANKLARI ASSOTSIATSIYASI»
NIZOMI
(yangi tahrirda)
Toshkent - 2018 y.
1. Umumiy qoidalar
1.1. «O’ZBEKISTON BANKLARI ASSOTSIATSIYASI» (bundan buyon «Assotsiatsiya» deb yuritiladi) O’zbekiston Respublikasi tijorat banklarining ko’ngilli birlashmasi bo’lib, Assotsiatsiyaning ta’sis hujjatlari O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2003 yil 4 sentyabrda 876-son bilan qayta davlat ro’yxatidan o’tgan. Assotsiatsiya a’zolarining navbatdan tashqari umumiy yig’ilishining 2010 yil «21» dekabrdagi bayonnomasiga asosan Assotsiatsiya ta’sis hujjatlarini yangi tahrirda qabul qilish to’g’risida qaror qabul qilingan.
1.2. Assotsiatsiya o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Qonunlariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlariga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
1.3. Assotsiatsiya a’zolari quyidagilar hisoblanadi :
- O’zbekiston Respublikasi Tashqi iktisodiy faoliyat Milliy Banki
- «Agrobank» ATB
- AJ «Xalq banki»
- ATB «O’zsanoatqurilishbank»
- «Asaka bank» ATB
- «Mikrokerditbank» ATB
- «Biznesni rivojlantirish banki» ATB
- «Ipak yuli» AITB
- «Kapital bank» ATB
- «Garant bank» AJ
- «Turon bank» ATB
- «Trastbank» XAB
- «Ziraat Bank Uzbekistan» AJ
- «Ipoteka bank» ATIB
- «Aloqa bank» ATB
- «Xamkorbank» ATB
- «UzKDB Bank»AJ
- «Universal bank» XATB
- «Asia Alliance Bank» ATB
1.4. Assotsiatsiyaning yuridik nomi:
O’zbek tilida to’liq nomlanishi: «O’zbekiston banklari Assotsiatsiyasi»
Rus tilida to’liq nomlanishi: «Assotsiatsiya bankov Uzbekistana».
Ingliz tilida to’liq nomlanishi: «Uzbekistan banking Association»
1.5. Assotsiatsiyaning pochta manzili: O’zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Qoratosh ko’chasi, 1-uy, pochta indeksi: 100027.
1.6. Assotsiatsiya faoliyat muddati cheklanmagan.
2. Assotsiatsiyaning yuridik maqomi
2.1. Assotsiatsiya notijorat tashkilot maqomiga ega bo’lgan, daromad (foyda) olishni o’z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan O’zbekiston Respublikasi tijorat banklarining ixtiyoriy birlashmasi hisoblanib, o’zining alohida mulkiga, mustaqil balansiga, bank muassasalaridagi hisob va boshqa raqamlariga, o’z nomi yozilgan va belgisi tushirilgan muhr, shtamp, blanklari va ramziga ega.
2.2. Assotsiatsiya o’z nomidan shartnomalar tuzadi, mulkiy va shaxsiy nomulkiy xuquqlarga va majburiyatlarga ega bo’ladi, sudda va hakamlik sudlarida da’vogar va javobgar bo’ladi.
2.3. Assotsiatsiya faqat o’z mulki doirasida o’z majburiyatlari bo’yicha javobgardir. Assotsiatsiya davlat majburiyatlari bo’yicha, davlat esa Assotsiatsiya majburiyatlari bo’yicha javob bermaydi.
2.4. Assotsiatsiya yuridik shaxs maqomiga ega sho’’ba korxonalar, shuningdek filiallar, vakolatxonalar, bo’linmalar va joriy hamda hisob raqamlarini ochish huquqiga ega bo’lgan boshqa alohida bo’linmalar tuzishi yoxud tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun xo’jalik jamiyatlari tuzishi yoki ularda ishtirok etishi mumkin.
2.5. Assotsiatsiyaning asosiy maqsadlari:
- bozor islohotlarini amalga oshirish, makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va iqtisodiy o’sishning yuqori sur’atlarini ta’minlashda tijorat banklarining rolini kuchaytirish;
- milliy iqtisodiyotni, uning etakchi tarmoqlaridagi tarkibiy o’zgartirishlarni chuqurlashtirish, modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash hisobiga raqobatbardoshligini ta’minlovchi bank tizimini rivojlantirishning mustahkam asosi sifatida bank sohasi infratuzilmasini takomillashtirish;
- davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, xususiy mulkning ustuvorligi va huquqlari himoyasini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni rag’batlantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlarni amalga oshirish sharoitida tijorat banklarining mustaqilligini rivojlantirishga ko’maklashish;
- O’zbekiston banklari Assotsiatsiyasi a’zolari bo’lgan tijorat banklarining xuquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularga o’z maqsadlarini amalga oshirishda har tomonlama ko’maklashish.
3. Assotsiatsiyaning asosiy vazifalari
3.1. Faoliyat maqsadlariga erishish uchun Assotsiatsiya quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshiradi:
- pul-kredit siyosati, banklar faoliyatini nazorat qilish mexanizmini takomillashtirishning asosiy yo’nalishlari, pul muomalasi va kredit bozorini barqarorlashtirish, banklarga nisbatan maqbul soliq siyosatini qo’llash bo’yicha takliflar tayyorlash va kiritish;
- respublika bank tizimini rivojlantirish, xususan davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari, O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining iqtisodiyot va pul muomalasini barqarorlashtirish hamda pul-kredit siyosati ijrosini ta’minlashga qaratilgan tadbirlarida faol ishtirok etish;
- tajriba almashish, istiqbolli takliflarni ko’rib chiqish va ishbilarmonlik aloqalarini o’rnatish maqsadida tijorat banklari va boshqa moliyaviy tuzilmalarni keng jalb qilgan holda mavzuga oid konferentsiya, seminar va ko’rgazmalar tashkil etish va o’tkazish;
- tijorat banklari rahbarlari va mutaxassislarining kasbiy mahoratini oshirish, xususan oliy ta’lim muassasalarining yuqori malakali professor-o’qituvchilarini, bank va moliya tashkilotlari, shu jumladan xorijiy tashkilotlarning mutaxassislarini keng jalb qilgan holda ixtisoslashtirilgan malaka oshirish kurslarini tashkil etish hamda respublika bank tuzilmalari mutaxassislarining xorijda tajriba oshirish, seminar va kurslarda ishtirok etishini ta’minlashda ko’maklashish;
- kreditlash tizimi va jarayonlari hamda kredit byurolarining kredit axboroti almashuvi bo’yicha faoliyatini yanada rivojlantirishga ko’maklashish;
- O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan hamkorlikda naqd pulsiz, xususan plastik kartochkalar orqali amalga oshiriladigan hisob-kitoblar tizimining monitoringini o’tkazish, mazkur sohadagi tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish hamda chakana to’lov tizimlarini yanada takomillashtirish bo’yicha takliflar ishlab chiqish;
- tijorat banklari, nobank moliya tashkilotlari, qimmatli qog’ozlar emitentalari hamda boshqa tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan reyting baholash milliy tizimini keng joriy etilishida ko’maklashish;
- xorijiy va mahalliy banklarning etakchi amaliyotlarini o’rganish asosida tavakkalchilikni minimallashtirishni ta’minlovchi tegishli bank operatsiyalari standartlarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
- aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga bank xizmatlarini ko’rsatishda byurokratizm va ortiqcha ovoragarchilik holatlarni aniqlash maqsadida O’zbekiston banklari Assotsiatsiyasi tomonidan tasdiqlanadigan Bank xodimining kasb odob-ahloqi Kodeksi va bank faoliyatining boshqa standartlariga rioya etilishi monitoringini o’tkazish hamda uning natijalarini mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va mijozlarga xizmat ko’rsatishda munosib shart-sharoitlar yaratish uchun tijorat banklari rahbariyatiga etkazish;
- tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo’yicha amaliy mexanizmlarni hamda bank faoliyatini yanada takomillashtirish bo’yicha tavsiyalarni ishlab chiqish maqsadida bank rahbarlari va ekspertlari bilan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillari o’rtasida doimiy uchrashuvlarni tashkil etish;
- bank tizimini rivojlantirishga qaratilgan chuqur o’rganishlar o’tkazish va takliflar ishlab chiqish hamda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi, O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki va boshqa mas’ul davlat organlariga kiritish maqsadida, zarur bo’lgan hollarda tegishli vazirlik va idoralarning yuqori malakali mutaxassis va ekspertlari hamda tijorat banklarini jalb qilgan holda O’zbekiston banklari Assotsiatsiyasi huzurida ekspert kengashlari va ishchi komissiyalar tashkil qilish;
- xalqaro moliya institutlari, chet el banklari va ularning birlashmalari bilan hamkorlikni yo’lga qo’yishda tijorat banklariga ko’maklashish;
- O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi, O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki va boshqa vakolatli davlat organlariga bank tizimini barqaror rivojlantirish, ishonchliligini va mustaqilligini oshirish, bank faoliyatiga davlat boshqaruvi organlari, hududiy davlat hokimiyati va nazorat qiluvchi organlar tomonidan asossiz aralashuvlarga yo’l qo’ymaslikni ta’minlashni ko’zda tutuvchi bank qonunchiligini yanada takomillashtirish bo’yicha takliflar ishlab chiqish va kiritish;
- O’zbekiston banklari Assotsiatsiyasi a’zolariga huquqiy, tashkiliy va boshqa maslaxat yordamini ko’rsatish, davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyat organlari bilan o’zaro munosabatlar o’rnatishda ko’maklashish;
- davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari, O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki, huquqni muhofaza qiluvchi, moliya va boshqa organlarda tijorat banklarning manfaatlarini ifodalash va himoya qilish;
- bank tizimi talablarini hisobga olgan holda ta’lim yo’nalishi va mutaxassisliklari bo’yicha o’quv dasturlarini takomillashtirishda amaliy yordam ko’rsatish;
- jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, bank xodimlari va ularning oila a’zolari sog’ligini saqlashni ta’minlash, sog’lom turmush tarzini targ’ib qilishga qaratilgan tadbirlarni tashkillashtirish;
3.2. Ko’rsatilgan vazifalarni bajarish uchun Assotsiatsiya:
- Assotsiatsiya a’zolariga tashkiliy va boshqa maslahat yordamini ko’rsatadi;
- iqtisodiyot, bank ishi, kredit va qimmatli qog’ozlar bozori rivojlanishi tendentsiyalarini o’rganadi va mazkur masalalar bo’yicha Assotsiatsiya a’zolarini xabardor qiladi;
- banklarni tezkor, ilmiy-uslubiy axborotlar bilan ta’minlaydi;
- tajriba almashish, istiqbolli takliflarni ko’rib chiqish va amaliy aloqalar o’rnatish maqsadida konferentsiya, seminar va ko’rgazmalarni tashkil etadi;
- xalqaro moliya institutlari, chet el banklari va ularning uyushmalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
- bank rahbarlari va mutaxassislarining kasbiy mahorati darajasini oshirishga ko’maklashadi, o’quv yurtlari va markazlar bilan hamkorlikda kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarini hamda mamlakat doirasida va horijiy davlatlarda banklar mutaxassislari tajribasini oshirishni tashkil etadi;
- ommaviy-axborot vositalarida tijorat banklari faoliyati va yutuqlari, ularning O’zbekiston Respublikasi iqtisodiy hayotidagi o’rnini ko’rsatishga qaratilgan tadbirlar tashkil etadi.
4. Assotsiatsiya a’zolari, ularning huquq va majburiyatlari
4.1. Tijorat, kooperativ, qo’shma, chet el, investitsion va boshqa bank muassasalari Assotsiatsiya a’zolari bo’lishlari mumkin.
4.2. Assotsiatsiya a’zolari quyidagi huquqlarga ega:
- Assotsiatsiya ishlarini boshqarishda ishtirok etish;
- Assotsiatsiya faoliyati haqida o’rnatilgan tartibda to’liq axborot olish, buxgalterlik hisobi, hisobotlari va boshqa hujjatlar bilan tanishish;
4.3. Assotsiatsiya a’zolari quyidagi majburiyatlarga ega:
- Assotsiatsiya faoliyati to’g’risidagi maxfiy axborotlarni tarqatmaslik;
- A’zolar Umumiy yig’ilishi qarorlarida ko’zda tutilgan miqdor, usul va tartiblarda qo’shimcha badallar kiritish;
- ta’sis hujjatlari qoidalariga rioya etish;
- Assotsiatsiya oldida o’z zimmasiga olgan majburiyatlarini o’rnatilgan tartibda bajarish;
- Assotsiatsiyaning o’z faoliyatini amalga oshirishida ko’maklashish.
5.1. Assotsiatsiya a’zosi bo’lish istagini bildirgan tijorat banklari ularni Assotsiatsiyaga qabul qilish to’g’risidagi xat bilan Assotsiatsiyaga murojaat qilishadi. Murojaat Assotsiatsiyaning Umumiy yig’ilishi tomonidan ko’rib chiqiladi va tegishli qaror qabul qilinadi.
5.2. Yangi a’zolarni qabul qilish to’g’risidagi qaror Assotsiatsiya a’zolarining Umumiy yig’ilishi tomonidan ko’pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
5.3. Yangi a’zo Assotsiatsiya a’zolari tarkibiga qabul qilingandan so’ng Assotsiatsiyaning boshqa a’zolari bilan bir xil huquq va majburiyatlarga ega bo’ladi.
5.4. O’z majburiyatlarini umuman yoki zarur darajada bajarmayotgan yoki o’z hatti-harakatlari bilan Assotsiatsiyaning maqsadlariga erishishga to’sqinlik qilayotgan a’zo Assotsiatsiya Umumiy yig’ilishi ishtirokchilarining 2/3 ovozi bilan qabul qilingan qarori asosida Assotsiatsiyadan chiqarilishi mumkin. Bunda chiqarilayotgan a’zo ovoz berishda ishtirok etmaydi.
6. Assotsiatsiya mulki
6.1. Assotsiatsiya mulkini asosiy fondlar va aylanma mablag’lar, shuningdek, qiymati Assotsiatsiyaning mustaqil balansida ifodalanadigan boshqa boyliklar tashkil etadi. Assotsiatsiya mulki unga mulk huquqi asosida tegishlidir.
6.2. Assotsiatsiya mulkini quyidagi manbalar shakllantiradi;
- a’zolarning kirish va a’zolik badallari;
- a’zolarning pul va moddiy ulushlari;
- banklar va boshqa kreditorlarning kreditlari;
- qaytarilmaydigan ixtiyoriy mulkiy badallar va xayriyalar;
- qonunchilikda ta’qiqlanmagan boshqa manbalar.
6.3. Assotsiatsiya o’ziga tegishli mulkni sotish, boshqa korxona, tashkilot va muassasalarga berish, almashtirish, ijaraga berish, bepul foydalanish uchun takdim etish yoki unga tegishli mulkni qarzga berish, shuningdek, uni balansdan chiqarib tashlash huquqiga ega.
6.4. Assotsiatsiya fuqarolar va jismoniy shaxslarga moddiy boyliklarni sotish, ijaraga berish, beg’araz foydalanishga berishga haqli, O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq fuqarolarning mulki yoki foydalanishda bo’la olmaydigan mulklar bundan mustasno.
7. Assotsiatsiyaning nizom jamg’armasi va moliyaviy ta’minoti
7.1. Assotsiatsiya faoliyatini ta’minlash maqsadida 100 (yuz) million so’mga teng bo’lgan pul ko’rinishidagi Nizom jamg’armasi tuziladi.
7.2. Assotsiatsiyaning moliyaviy ta’minoti Assotsiatsiya a’zolari bo’lgan banklar tomonidan har chorakda oladigan sof foydasidan 1,5% miqdorda o’tkazib turiladigan ajratmalar hisobidan shakllantiriladi, basharti Assotsiatsiya a’zolari Umumiy yig’ilishi tomonidan boshqa miqdor belgilanmagan bo’lsa.
7.3. Assotsiatsiya a’zolari tomonidan kiritiladigan mol-mulk va nomulkiy huquqlar qiymati A’zolar umumiy yig’ilishi qarori bilan belgilanadi.
7.4. Assotsiatsiya faoliyati davomida vujudga kelishi mumkin bo’lgan zararlar Assotsiatsiyadagi mavjud mablag’lar hisobidan qoplanadi, bu mablag’lar etmagan taqdirda Assotsiatsiya mulkini sotish yoki qo’shimcha badallar hisobidan qoplanadi.
8. Assotsiatsiyaning boshqaruv organlari
8.1. Assotsiatsiyaning oliy boshqaruv organi A’zolar Umumiy yig’ilishi hisoblanadi. Umumiy yig’ilish a’zolardan yoki ularning vakillaridan tashkil topadi. Assotsiatsiya a’zosi o’z vakolatlarini A’zolar Umumiy yig’ilishida boshqa qatnashchiga berishga haqli.
8.2 Ovoz berishda A’zolar Assotsiatsiya Nizom jamg’armasidagi ulushlarining miqdoridan qat’i nazar bitta to’la ulush – bitta ovoz hisobida ovozlar soniga ega bo’ladilar.
8.3. A’zolarning Umumiy yig’ilishi Assotsiatsiya Kengashi tomonidan chaqiriladi, u Umumiy yig’ilish ishiga rahbarlik qiladi, bayonnoma yuritilishini tashkil etadi, mazkur Nizomdan kelib chiquvchi boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. Bayonnomalar a’zolarga ularning talablariga binoan istalgan vaqtda taqdim etiladi.
8.4. A’zolar Umumiy yig’ilishining mutlaq vakolatiga quyidagilar kiradi:
- Assotsiatsiya faoliyatining asosiy va ustuvor yo’nalishlarini belgilash;
- Assotsiatsiya ta’sis hujjatlariga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish;
- Kengash raisi va uning a’zolarini saylash, ularni chaqirib olish;
- A’zolar tomonidan qo’shimcha badallar kiritish miqdori, shakli va tartibini belgilash;
- a’zoni Assotsiatsiyaga qabul qilish va a’zoni Assotsiatsiyadan chiqarish;
- Assotsiatsiya faoliyatini to’xtatish to’g’risida qaror qabul qilish, tugatish kommissiyasini tuzish, tugatish balansini tasdiqlash.
8.5. Assotsiatsiya faoliyatining asosiy yo’nalishlari, ular ijrosi to’g’risidagi reja va hisobotlarni tasdiqlash, Assotsiatsiya Nizomiga o’zgartirishlar kiritish, Nizom jamg’armasini o’zgartirish bilan bog’liq masalalar bo’yicha qarorlar Assotsiatsiya a’zolarning 3/4 ko’pchilik ovoz bilan, qolgan masalalar bo’yicha oddiy ko’pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
8.6. A’zolar Umumiy yig’ilishi kamida uch yilda bir marta chaqiriladi. Navbatdan tashqari yig’ilishlar Assotsiatsiya Kengashi yoki jami 25 % ovozga ega bo’lgan Assotsiatsiya a’zolari tomonidan chaqirilishi mumkin.
8.7. Assotsiatsiya a’zolari Umumiy yig’ilishi qarori yig’ilish o’tkazmagan holda sirtdan ovoz berishni o’tkazish yo’li bilan (so’rov yo’li bilan) qabul qilinishi mumkin.
8.8. O’zbekiston banklari Assotsiatsiyasi Kengashi A’zolari umumiy majlislari orasidagi O’zbekiston banklari Assotsiatsiyasining boshqaruv organi hisoblanib, uning tarkibi har bir a’zo tijorat bankining vakillari xisobiga shakllantiriladi.
8.9. Assotsiatsiya Kengashiga a’zolar Umumiy yig’ilishi tomonidan uch yil muddatga saylanadigan Rais boshchilik qiladi.
8.10. Assotsiatsiya Kengashi vakolatlariga quyidagilar kiradi:
- Assotsiatsiyaning yillik rejalari va ular ijrosi bo’yicha hisobotlarni tasdiqlash;
- Assotsiatsiya faoliyatining yillik natijalarini, shuningdek, auditorlarning hisobot va hulosalarini tasdiqlash;
- Assotsiatsiya Bosh direktorini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish;
- Assotsiatsiya a’zolari manfaatlarini davlat boshqaruvi va hokimiyati organlarida himoya qilish;
- sho’’ba korxonalar, xo’jalik jamiyatlari, qo’shma korxonalar, filiallar va vakolatxonalarni tuzish, qayta tashkil etish va tugatish;
- qimmatli qog’ozlar va boshqa yuridik shaxslar nizom jamg’armasidagi ulushlarni sotib olish;
- Ijroiya direktsiya rahbarlarini intizomiy javobgarlikka tortish bo’yicha qarorlar qabul qilish.
8.11. Assotsiatsiya Kengashi, zarur deb hisoblagan hollarda o’z vakolatlarining bir qismini Assotsiatsiya Ijroiya Direktsiyasiga o’tkazishga yoki Bosh direktor vakolatini istalgan paytda cheklash yoki to’la to’xtatib qo’yishga haqli.
8.12. Assotsiatsiya joriy faoliyatini boshqarish Bosh direktor rahbarlik qiladigan Assotsiatsiya Ijroiya direktsiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Ijroiya direktsiya Assotsiatsiyaning ijro organi hisoblanib, u o’z faoliyatida bevosita Assotsiatsiya Kengashiga bo’ysunadi. Assotsiatsiya Ijroiya direktsiyasiga Assotsiatsiya Kengashi tomonidan O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadigan Assotsiatsiya Bosh direktori boshchilik qiladi.
Bosh direktor Assotsiatsiya A’zolari Umumiy yig’ilishi va Assotsiatsiya Kengashi oldida hisobot beradi va ular qarorilarining bajarilishini tashkil etadi. U Assotsiatsiya a’zolari uchun majburiy bo’lgan qarorlar qabul qilishga hakli emas. Assotsiatsiya Bosh direktori ishonchnomasiz Assotsiatsiya nomidan ish yuritadi, barcha milliy va xorijiy muassasalar, korxonalar va tashkilotlar oldida uning manfaatlarini ifodalaydi, sho’’ba korxonalar, xo’jalik jamiyatlari, filiallar va vakolatxonalar to’g’risidagi nizomlarni Assotsiatsiya Kengashi roziligi bilan tasdiqlaydi, sho’’ba korxonalar, xo’jalik jamiyatlari, filiallar va vakolatxonalar rahbarlarini tayinlaydi, lavozimidan ozod qiladi, Assotsiatsiya mulkini tasarruf etadi, shartnomalar, shu jumladan mehnat shartnomalarini tuzadi, ishonchnomalar beradi, banklarda hisob va boshqa raqamlarni ochadi, mablag’larni tasarruf etadi, shtat jadvallarni, shu jumladan, Direktsiya shtat jadvalini tasdiqlaydi, buyruqlar chiqaradi va Assotsiatsiyaning barcha xodimlari uchun majburiy bo’lgan ko’rsatmalar beradi, Direktsiya xodimlarini O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga muvofiq rag’batlantiradi, mehnat intizomi buzilgan takdirda intizomiy jazo choralarini qo’llaydi hamda amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi, Assotsiatsiya A’zolari Umumiy yig’ilishi va Kengashi vakolatiga kiruvchi vazifalar bundan mustasno.
8.13. Ijroiya direktsiya faoliyati ustidan nazorat har yili jalb qilinadigan auditor (auditorlik tashkiloti) tomonidan amalga oshiriladi.
Zarurat tug’ilganda auditorlik tekshiruvi natijalari Ijroiya Direktsiyasi tomonidan Assotsiatsiya a’zolari Umumiy yig’ilishi va Kengashiga yuboriladi.
9. Nizolarni hal etish
9.1. Assotsiatsiya Ta’sis shartnomasi va Ustaviga ko’ra kelib chiqadigan barcha nizolar va kelishmovchiliklar amaldagi qonunchilik, Ta’sis shartnomasi va Ustav asosida A’zolarning o’zaro kelishuv yo’li bilan hal etiladi.
9.2. Vujudga kelgan nizolar va kelishmovchiliklarni muzokaralar yo’li bilan hal qilishning imkoni bo’lmasa, sud tartibida hal etiladi.
10. Assotsiatsiyani qayta tashkil etish va tugatish
10.1. Assotsiatsiyani qayta tashkil etish yoki tugatish O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksi talablari asosida amalga oshiriladi.
10.2. Assotsiatsiyani qayta tashkil etish qonunchilikda belgilangan tartibda A’zolarning Umumiy yig’ilishi qaroriga asosan amalga oshiriladi.
10.3. Assotsiatsiyani tugatish A’zolarning Umumiy yig’ilishi yoki sudning qaroriga asosan amalga oshiriladi.
10.4. Vakolatli davlat organi tomonidan yagona davlat reestriga tegishli yozuv kiritilgan vaqtdan boshlab Assotsiatsiyani tugatish yakunlangan, Assotsiatsiya esa o’z faoliyatini tugatgan deb hisoblanadi.
11. Yakunlovchi qoidalar
11.1. Ushbu Ustav Assotsiatsiya qonunda belgilangan tartibda ro’yxatdan o’tgan kundan boshlab kuchga kiradi.
11.2. Ustavda va Ta’sis shartnomasida o’z ifodasini topmagan masalalar O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq tartibga solinadi.
11.3. Ustav va Ta’sis shartnomasida belgilangan qoidalar bir biriga zid kelgan taqdirda, Ustav qoidalari ustuvorlikka ega hisoblanadi.