Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
Markaziy bank — mehnat bozoridagi tendensiyalar haqida
24 Jan 2024

Markaziy bank — mehnat bozoridagi tendensiyalar haqida

      Mehnat bozoridagi vaziyat barqarorligicha qolmoqda: ishsizlik darajasi 8,1 foizgacha pasaygan, joriy yil ko‘rsatkich 7,5−8 foizgacha tushishi prognoz qilinmoqda. Mehnat migratsiyasida geografik diversifikatsiya kuzatilmoqda, Rossiyadan pul o‘tkazmalari ulushi 87 foizdan 78 foizga kamaydi.

    O‘zbekiston aholisi 2024-yil boshiga ko‘ra, 36,8 million kishini tashkil etadi. 2020−2023-yillarda aholining o‘sish sur’ati 2,1 foizgacha tezlashgan yoki mutlaq hisobda yiliga taxminan 700−800 ming kishiga oshgan. Taqqoslash uchun: 2010−2019-yillarda o‘rtacha o‘sish sur’ati 1,7 foiz yoki 500−600 ming kishini tashkil qilgan.

    Shu bilan birga, aholining salmoqli qismi (57 foiz) mehnatga layoqatli yosh toifasiga qo‘shilgan. 2010-yillardan boshlab mehnatga layoqatli aholining umumiy aholi tarkibidagi ulushi asta-sekin kamayib borgan, bu 2000-yillardan hozirgi vaqtgacha tug‘ilish darajasining o‘sib kelayotgani bilan bog‘liq. Bu, bir tomondan, qisqa va o‘rta muddatli istiqbolda demografik yukning ortib borayotganidan dalolat bersa, ikkinchi tomondan, uzoq muddatli istiqbolda ko‘proq ish o‘rinlarini yaratish zarurati oshishiga olib kelishi mumkin.

     2022-yil yakuni bo‘yicha 13,7 million kishi ish bilan ta’minlangan, bu 2016-yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 3 foizga yoki 400 ming kishiga ko‘p. 2022-yilda bandlik organlariga ariza bergan ishsizlar soni 2021-yilga nisbatan 2 baravar kam bo‘lgan.

Mehnat bozoridagi vaziyat yetarlicha barqarorligicha qolmoqda. 2023-yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, ishsizlik darajasi 8,1 foizga kamaygan. Mehnat ta’minoti (ish qidirish bilan bog‘liq so‘rovlar soni) to‘rtinchi chorakda barqarorligicha qolgan. Respublika bo‘ylab poytaxtdan ish qidirish, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilarining vakant lavozimlari platformasi (argos.uz) orqali davlat xizmatiga bo‘lgan so‘rovlar ham yuqoriligicha qolmoqda.

    2023-yil dekabr oyida internet orqali e’lon qilingan (Markaziy bank vakansiyalar soni sifatida baholagan) ishchi kuchiga bo‘lgan talab 49 mingdan ortiqni tashkil qilgan. Bo‘sh ish o‘rinlari asosan chakana savdo (5800), ishlab chiqarish (5,100), oziq-ovqat xizmati (4300) va qurilish (4,000) sohalarida mavjud.

    So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, aholi bandligining ortishi davom etayotgan bo‘lsa-da, o‘sish sur’ati o‘tgan yilga nisbatan biroz pasaygan. 2023-yilning birinchi yarmi yakuni bo‘yicha ish bilan band aholi soni 13,9 million kishini tashkil etgan va 2022-yilning mos davriga nisbatan 0,7 foizga o‘sgan.

2023-yilning uchinchi choragida iqtisodiyotdagi o‘rtacha nominal ish haqi 4,4 million so‘mni tashkil etgan va yillik hisobda 18 foizga o‘sgan. Ish haqining o‘sish sur’atlari tarmoqlar bo‘yicha sezilarli darajada farq qiladi. Ish haqi axborot texnologiyalari (+44 foiz), turar joy va oziq-ovqat xizmatlari (+38 foiz), transport (+37 foiz), savdo (+32 foiz) va moliya (+30 foiz) sohasida sezilarli darajada oshib bormoqda.

    2018-yildan 2023-yilning birinchi yarmigacha bo‘lgan davrda iqtisodiyotda unumdorlik o‘sgan. Sanoat va transport tarmoqlarida o‘sish sur’atlari yuqoriligicha qolmoqda, qishloq xo‘jaligi va savdoda esa o‘rtacha. Biroq 2023-yil o‘rtalarida qurilish sohasida unumdorlik biroz pasaygani kuzatilgan.

    Iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar (qishloq xo‘jaligi ulushining kamayishi va xizmat ko‘rsatish sohasining o‘sishi) fonida ayrim tarmoqlarda malakali ishchi kuchiga bo‘lgan yuqori talab, shuningdek, real ish haqi o‘sishini rag‘batlantirish siyosati unumdorlikning o‘sish sur’atlaridan o‘tib ketgan. Bu ishlab chiqarish xarajatlarini oshirib, keyinchalik yuqori narxlarda aks etishi mumkin. Bunday tendensiyani qurilish, savdo va transport sohalarida ko‘rish mumkin.

Tashqi mehnat migratsiyasi

   Mehnat migratsiyasi jarayonlari pul o‘tkazmalari kanali orqali aholining umumiy daromadlari, ichki talab va to‘lov balansi barqarorligiga ta’sir ko‘rsatmoqda, deb ta’kidladi Markaziy bank. 2018−2023-yillarda jami aholi daromadlarining qariyb 16 foizi mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari hisobiga to‘g‘ri kelgan.

    Savdo balansidagi defitsitning katta qismi ichki valyuta bozorida taklifning asosiy manbalaridan biri bo‘lgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari oqimi hisobiga ham qoplanadi.

    Joriy mehnat migratsiyasi oqimi asosan bir qancha yaqin mamlakatlarda, xususan, pul o‘tkazmalari oqimining asosiy qismini tashkil etuvchi Rossiya va Qozog‘istonda to‘plangan. Shu bilan birga, asta-sekin bu oqimlarda geografik diversifikatsiya kuzatilmoqda.

2022-yildagi pul o‘tkazmalarining atipik oqimidan so‘ng (2,1 karra), o‘tgan yilda ularning darajasi barqarorlashgan. Rublning dollarga nisbatan yuqori o‘zgaruvchanligi, inflyatsiya jarayonlarining kuchayishi va migratsiya oqimining biroz qisqarishi fonida Rossiyadan pul o‘tkazmalarining ulushi 2022-yildagi 87 foizdan 2023-yilda 78 foizgacha (2019-yil darajasiga) kamaygan.

     Rossiya statistika xizmatining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolariga Rossiyada ishlash uchun berilgan patentlar va ruxsatnomalar soni 12 foizga kamaygan va 1,2 milliontani tashkil qilgan. Rossiya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning birinchi yarmida migratsiya ro‘yxatiga olingan O‘zbekiston fuqarolari soni ham 2,9 milliondan 1,7 millionga yoki 43 foizga kamaygan.

      Boshqa mamlakatlardan pul o‘tkazmalari hajmi 2022-yildagi (taxminan 3 foiz) o‘sish sur’atidan so‘ng 2023-yilda 14 foizga oshgan. Faol tashqi mehnat migratsiyasi siyosatining davom etayotgani, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda mehnat migratsiyasi yo‘nalishida hamkorlik qilinadigan davlatlar sonining ko‘payishi pul o‘tkazmalari oqimi tarkibining o‘zgarishiga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi Markaziy bank.

Kutilmalar

2023-yil oxiriga kelib barqaror iqtisodiy o‘sish sharoitida ishsizlik 8 foiz (2022-yilda — 8,9 foiz) darajasida bo‘ladi. 2024-yilda ishsizlar sonining pasayish tendensiyasi davom etishi kutilmoqda, yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi, o‘zini o‘zi band qilganlar faoliyatining kengayishi va yangi moliyaviy vositalarning joriy etilishi fonida ishsizlik darajasi 7,5−8 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

   Shu bilan birga, mehnat muhojirlari uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratilishi, bu boradagi ikki tomonlama kelishuvlarning ko‘payishi, xorijda ishchi kuchiga bo‘lgan talab, Markaziy bank taxminicha, migratsiya oqimi dinamikasini saqlab qolish omili bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, bu orqali, dastlabki prognozlarga ko‘ra, 2024-yil oxiriga kelib pul o‘tkazmalari hajmi taxminan 12−12,5 milliard dollarni (10−12 foizlik o‘sish) tashkil etishi kutilmoqda.

https://www.gazeta.uz/ru/economy/

/ Manba: ko'rsatilmagan / Ko'rishlar: 432
otchet uz.jpg

statistika uz.jpg


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech