Memorandum

2026 yil aprel oyida Global Currency Forum 2026 doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, “Davlat Belgisi” korxonasi hamda xalqaro xavfsizlik va banknot texnologiyalari sohasidagi yetakchi hamkorlar o‘rtasida muhim kelishuvlarga erishildi.O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va “Davlat Belgisi” korxonasi Oberthur Fiduciaire bilan anglashuv memorandumlarini imzoladi
Xususan, 2026 yil 29 aprel kuni sohaning yirik ishtirokchilaridan biri bo‘lgan Oberthur Fiduciaire bilan ikki tomonlama Anglashuv memorandumlari (MoU) imzolandi.
Mazkur memorandumlar quyidagi strategik yo‘nalishlarni qamrab oladi:
-
banknotlar va himoyalangan mahsulotlar ishlab chiqarish;
-
zamonaviy texnologiyalarni joriy etish;
-
kasbiy malaka va operatsion imkoniyatlarni rivojlantirish.
Ushbu hamkorlik O‘zbekistonda naqd pul aylanmasi tizimini modernizatsiya qilish, milliy pul infratuzilmasining xavfsizligi, sifati va barqarorligini yana-da mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Shuningdek, Oberthur Group tarkibiga kiruvchi va naqd pullarni himoya qilish tizimlariga ixtisoslashgan Oberthur Feerica kompaniyasi ham mazkur hamkorlik doirasida innovatsion xavfsizlik yechimlarini taklif etmoqda.
Bugungi kunda bankomat infratuzilmasi va naqd pul muomalasi tizimlariga bo‘lgan zamonaviy xavflar — bankomatlarga hujumlar, naqd pul tashish jarayonidagi o‘g‘irliklar hamda uyushgan jinoyatchilik harakatlari — xavfsizlik texnologiyalarini yana-da takomillashtirishni talab etmoqda.
Shu munosabat bilan, kompaniya mutaxassislari Intelligent Banknote Neutralisation Systems (IBNS) — intellektual banknotlarni neytrallashtirish tizimlarining ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratmoqda. Mazkur texnologiya hujum sodir etilganda banknotlarni avtomatik tarzda maxsus xavfsizlik siyohi bilan belgilab, ularni foydalanishga yaroqsiz holatga keltiradi. Bu esa naqd pul o‘g‘irlash jozibadorligini keskin kamaytirish bilan birga, bank xodimlari, naqd pul tashuvchi operatorlar va bankomat tarmoqlari xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi.
“Oberthur Fiduciaire”ning banknot xavfsizligi sohasidagi tajribasi va “Oberthur Feerica”ning IBNS yechimlari bo‘yicha ekspertizasi birlashgan holda, kompaniyalar markaziy banklar va naqd pul muomalasi ishtirokchilari uchun yana-da xavfsiz, innovatsion va barqaror ekotizim yaratishga qaratilgan hamkorlikni davom ettirmoqda.






