Tadbirkorlarga kredit olishda yangi imkoniyatlar yaratiladi

Tadbirkorlarga kredit olishda yangi imkoniyatlar yaratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim yangiliklar maʼlum qilindi.
Besh yil oldin tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish anʼanasi boshlanganidan buyon biznesga to‘siq bo‘lgan minglab masalalarga yechim berildi. Bu borada 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilindi.
Biznesini mahallada boshlab, yurtimiz bo‘ylab o‘nlab filiallarga ega bo‘lgan tadbirkorlar 550 tadan, milliy brendini yaratganlar 300 tadan oshdi.
- Biznes uchun kredit portfeli so‘nggi besh yilda qariyb 3 baravar oshib, 450 trln so‘mga yetdi.
- Ko‘plab biznes vakillari xorijiy banklardan o‘z loyihalariga mustaqil ravishda 1 milliard dollar jalb qildi. Davlatimiz rahbari buni tadbirkorlarimiz zabt etgan yana bir ulkan marra sifatida baholadi.
- Yangi tadbirkorlarga 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratiladi. “Biznes start” dasturi doirasida 200 mln so‘mgacha garovsiz kredit berish yo‘lga qo‘yiladi.
- 10 mlrd so‘mgacha kreditlar uchun yangi “kontr-kafolat” tizimi joriy etilib, tadbirkorga kredit summasining 25 foiziga teng garov topish kifoya qiladi.
- Banklar balansidagi 9 trln so‘mlik 2,5 mingta mulk chegirmali narxda, boshlang‘ich to‘lovsiz va foizsiz bo‘lib to‘lash shartida sotiladi.
- Eksportchilar uchun valyuta tushumi bilan bog‘liq tartiblar yengillashtiriladi, tushumni taʼminlash muddati 180 kundan 365 kunga uzaytiriladi.
- Turizm sohasiga 50 mln dollar resurs ajratilib, mehmonxona qurish va jihozlash uchun 10 yilga 16 foizli kreditlar beriladi.
/
Manba:
ko'rsatilmagan
/
Ko'rishlar:
27






