ASOSIY STAVKA 14%
Markaziy bank boshqaruvi tomonidan 2023 yil 14 dekabr kuni asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, asosiy stavkaning 14 foiz darajasi 2023 yil 16 martdan beri o‘zgarishsiz qolmoqda.
Iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarning sekinlashib borishiga qaramasdan, ushbu tendensiyaning davomiyligi bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda.
Yuqori yalpi talab sharoitida inflyatsiyani 2025 yilda 5 foizlik target darajasigacha pasaytirish vazifasi nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlarini davom ettirishni taqozo etmoqda.
Inflyatsiya darajasi oktyabr-noyabr oylarida pasayib, yillik 8,8 foizni tashkil etdi. Ushbu pasayish o‘tgan yilgi yuqori baza taʼsiri, import narxlarining oshiruvchi hissasining kamayishi, yuridik shaxslar uchun energiya tariflari oshirilishi taʼsirining hali to‘liq yuzaga chiqmaganligi hamda nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlarining davom ettirilayotganligi bilan izohlanadi.
Prognozlarga ko‘ra, 2024 yilda bazaviy prognoz shartlari doirasida inflyatsiya darajasi 8-9 foiz oralig‘ida shakllanishi kutilmoqda. Ayni paytda, xalqaro savdodagi mavjud nobozor cheklovlar va fragmentatsiya fonida inflyatsiyani oshiruvchi tashqi xatarlar hamda tartibga solinadigan narxlar bo‘yicha kutilayotgan navbatdagi tuzatishlar taʼsirlarining keyingi choraklarda namoyon bo‘lish ehtimollari saqlanib qolmoqda.
Bazaviy inflyatsiya yil boshidan sekinlashish dinamikasini ko‘rsatib, noyabr oyida yillik 9 foizni tashkil etgan bo‘lsa-da, ayrim tovarlar bo‘yicha oshiruvchi bosimlar taʼsiri kuzatilmoqda. Inflyatsiyaning barqaror pasayishiga erishish maʼlum bir muddatni talab etadi.
Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari joriy inflyatsiya ko‘rsatkichlaridan yuqori darajada, 13-14 foiz atrofida shakllanishda davom etmoqda.
Global inflyatsion jarayonlar yaxshilanishining sekin kechayotganligi hamda jahon iqtisodiyoti rivojidagi kutilmalarning va xalqaro xomashyo bozorlaridagi narxlarning yuqori o‘zgaruvchanligi kelgusi choraklarda ham tashqi moliyaviy sharoitlar, xususan, tashqi resurslar hisobiga moliyalashtirish shartlarining qatʼiyligicha qolishi borasidagi taxminlarni kuchaytirmoqda.
Iqtisodiy faollik asosan yuqori yalpi isteʼmol talabi va xususiy investitsiyalarning o‘sishi hisobiga taʼminlanmoqda. Isteʼmol talabini davlat xarajatlari va chakana kreditlash hajmlarining oshishi qo‘llab-quvvatlamoqda. Taklif tomonidan iqtisodiy o‘sishning drayveri, yalpi ichki mahsulot o‘sishining qariyb yarmini taʼminlovchi xizmatlar sohasi bo‘lib qolmoqda. Ish haqi va aholi real daromadlari o‘sishining ijobiy dinamikasi saqlanib qolishi kelgusida isteʼmol faolligini qo‘llab-quvvatlaydi.
Yuqorida keltirilgan omillar inflyatsion jarayonlarning barqaror pasayishini taʼminlash bilan bog‘liq xatarlar saqlanib qolayotganligini ko‘rsatmoqda.
Markaziy bank boshqaruvi ushbu sharoitlarda inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichiga erishish uchun nisbatan qatʼiy pul-kredit siyosatini davom ettirishga qaror qildi.
Inflyatsiyaning pasayib borishi holatida asosiy stavkaning o‘zgarishsiz saqlab qolinishi pul bozoridagi real foiz stavkalarining moʻtadil saqlanib qolishiga xizmat qiladi. Bu esa, kreditlash surʼatlarining muvozanatlashuvi sharoitida, jamg‘arish faolligida joriy dinamikaning saqlanib qolishiga xizmat qiladi hamda tashqi moliyalashtirishning qimmatlashuvi fonida ichki moliyaviy manbalardan kengroq foydalanish imkoniyatini oshiradi.
Milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha yuqori real foiz stavkalari sharoitida bank depozitlari hajmining yuqori o‘sish surʼatlari davom etishi kutilmoqda.
Kelgusida uzoq muddatli narxlar barqarorligiga erishish byudjet taqchilligining qisqarishi va iqtisodiyotga bozor tamoyillarini qo‘llash ko‘lamining kengayish surʼatlari bilan bog‘liqligi tobora dolzarb bo‘lib boradi.
Markaziy bank inflyatsiyani pasaytirishga qaratilgan pul-kredit sharoitlarni yaratish va makroprudensial choralarni kuchaytirishni davom ettiradi hamda kelgusi yangilanayotgan maʼlumotlarni hisobga olib inflyatsiyaning prognozi va kutilmalari asosida asosiy stavka bo‘yicha qarorlarini qabul qiladi.
Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024 yilning 25 yanvariga belgilangan.