2025 YIL - “ATROF-MUHITNI ASRASH VA “YASHIL” IQTISODIYOT YILI”

2025 YIL - “ATROF-MUHITNI ASRASH VA “YASHIL” IQTISODIYOT YILI”
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Bosh vazir lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqish va Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan majlisida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
“Bizning ikkita o‘q tomirimiz, ikkita tayanch ustunimiz bor: biri – iqtisodiyot, biri – maʼnaviyatdir. Maʼnaviy buyuk xalq – iqtisodiy tomondan ham buyuk bo‘ladi”, - dedi davlatimiz rahbari.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida kelgusi yillar uchun katta marralar belgilab olingan.
Xususan, mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan.
Dastlab bunga ayrimlar shubha yoki ikkilanish bilan qaragan, lekin o‘z vaqtida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilgani, barcha imkoniyatlar ishga solingani tufayli bu yilning o‘zida yalpi ichki mahsulot hajmi 110 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbari Hukumat faoliyatining eng muhim yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Avvalo, makroiqtisodiy muvozanatni saqlab, kelgusi besh yilda iqtisodiy o‘sish surʼatini 6-7 foiz atrofida taʼminlash zarur. Bunda inflyatsiya darajasi 5-6 foiz, byudjet taqchilligi 3 foiz doirasida bo‘lishiga erishish, yillik kreditlash hajmini 30 milliard dollarga olib chiqish asosiy vazifa bo‘ladi.
Ushbu davrda Hukumat kamida 100 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishga hamda yillik eksport hajmini 45 milliard dollarga olib chiqib, unda tayyor mahsulotlar ulushini 50 foizga yetkazishga erishishi lozimligi taʼkidlandi.
Xorijiy turistlar oqimini 5 yilda 15 million nafarga, turizm xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga olib chiqish uchun barcha imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bilan birga norasmiy iqtisodiyotni “soyadan chiqarish”da raqamli texnologiyalarni tayanch vositaga aylantirish lozim. Xususan, kelgusi yilda naqd pulsiz hisob-kitoblarni yana-da rag‘batlantirib, onlayn to‘lovlar ulushini 60 foizga yetkazish muhim vazifa bo‘ladi.
Jahon savdo tashkiloti bilan hamkorlik doirasida asosiy chora-tadbirlar amalga oshirilgani va yaqin yillarda ushbu tashkilotga albatta aʼzo bo‘lib kirishimiz taʼkidlandi.
Bu yil Sayxunobod, Uychi, Zarbdor, G‘ijduvon tumanlarida amalga oshirilgan ishlarning ijobiy natijalari asosida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” kompleks dasturi qabul qilingan edi.
Kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishga jami 46,5 trillion so‘m mablag‘ sarflanadi.
Hukumat 2030 yilgacha ishsizlikni xalqaro eʼtirof etilgan daraja – 5-6 foizdan oshirmaslik bo‘yicha dolzarb vazifalarni ham samarali hal etishi lozimligi taʼkidlandi
Endilikda ko‘p qirrali yondashuvlar asosida kambag‘al oilalarning aʼzolariga sifatli taʼlim berish, ularni kasbga o‘qitish, ish bilan taʼminlash, sog‘lig‘ini yaxshilash, psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha individual ko‘mak berish paketlari bo‘lishi belgilandi.
2025 yilda 1 million aholini kambag‘allikdan chiqarish Vazirlar Mahkamasi iqtisodiy kompleksining asosiy vazifasi etib belgilanadi.






