Kichik biznes uchun moliyaviy xizmatlar yana-da ommalashadi

Kichik biznes uchun moliyaviy xizmatlar yana-da ommalashadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hamda moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Unga ko‘ra, tadbirkorlar uchun yagona raqamli moliyaviy platforma ishga tushiriladi. Platforma orqali biznes vakillari bir vaqtning o‘zida bir nechta bankning kredit takliflarini olish, ularni solishtirish va eng maqbul shartlarni tanlash imkoniga ega bo‘ladi.
Yangi tizim “Elektron hukumat” bazalari bilan integratsiya qilinib, banklarga zarur maʼlumotlar avtomatik taqdim etiladi. Bu esa kredit ajratish jarayonini tezlashtirish, hujjatbozlikni qisqartirish va inson omilini kamaytirishga xizmat qiladi.
2026 yil 1 dekabrdan boshlab platformada sunʼiy intellekt asosida alternativ skoring tizimi joriy etiladi. U kredit tarixidan tashqari tadbirkorning aylanmasi, kommunal to‘lovlari va soliq maʼlumotlarini ham tahlil qiladi.
Shuningdek, ijobiy kredit tarixiga ega tadbirkorlar uchun garovsiz mikrokredit miqdori 200 million so‘mgacha oshiriladi. Bank va lizing xizmatlari bo‘yicha 5 milliard so‘mgacha bo‘lgan mablag‘lar uchun foiz xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi.






