O‘zbekiston banklari Assotsiatsiyasi brifingi
O‘zbekiston banklari Assotsiatsiyasi brifingi
Ushbu murojaatlarning barchasi Assotsiatsiya va tijorat banklarining xodimlari bilan birgalikda tegishli tartibda o‘rganilgan.O‘zbekiston banklari Assotsiatsiyasining ishonch telefoniga 2023 yil davomida fuqarolar tomonidan 1052 ta murojaatlar kelib tushgan.
Murojaatlarning 915 tasi savol tariqasida yoki maslahat so‘rab murojaat etilgani uchun aksariyati murojaat kelib tushgan vaqtning o‘zida yechilgan va savollarga javob berilgan. Qolgan 137 murojaatlar esa tegishli tartibda ro‘yxatga olib o‘rganilgan.
Ushbu murojaatlar o‘z yechim topishi maʼlum vaqt talab etilishini hisobga olgan holda 7 yo‘nalishda o‘rganildi. Murojaatlar asosan:
- Tijorat banklardan kredit olish masalalariga oid (44 ta);
- Bankomatlar va plastik kartalar bilan bog‘liq xizmatlar (39ta);
- Banklar tomonidan ko‘rsatilayotgan chakana xizmatlar bo‘yicha (19ta);
- Pensiya olish bilan bog‘liq holatlar (12ta);
- Banklarning to‘lov tizimiga oid masalalardir (9ta).
O‘zbekiston banklari Assotsiatsiyasi tomonidan ushbu kelib tushgan murojaatlar o‘rganilib, eng ko‘p uchrayotgan masalalar bo‘yicha tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan, Kiberxavfsizlikni taʼminlash hamda plastik kartalardan noqonuniy pul yechilishini oldini olish maqsadida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda joylarda muloqotlar o‘tkazildi.
Ochiq muloqotda aholining moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadda murojaatlarda uchrayotgan aniq misollar orqali tushuntirishlar berildi. Shuningdek, ushbu mavzuga oid tayyorlangan tarqatma materiallari aholiga yetkazildi.
Yana, murojaatlar o‘rganilganda, fuqarolarimiz nomiga o‘zi bexabar holda onlayn kredit olingani bo‘yicha ko‘p eʼtirozlar bo‘lgani aniqlandi. Oxirgi paytlarda, ayniqsa onlayn kredit olishda bu kabi holatlar ko‘p uchramoqda.Hozirda tijorat banklari tomonidan bu kabi holatlarni oldini olish uchun tizimli ishlar olib borilmoqda. Yaʼni, istagan shaxs sizning maʼlumotlaringizni qo‘lga kiritgan holda onlayn kredit olmasligi uchun tijorat banklarining mobil ilovalarida bir nechta bosqichli xavfsizlik tizimlari yo‘lga qo‘yilgan va doimiy takomillashtirib borilmoqda. Masalan, fuqaro mobil ilovaga ulanayotganda pasport maʼlumotlaridan tashqari, zamonaviy biometrik identifikatsiya tizimi orqali kirish talab etiladi. Bu esa yurtdoshlarimizni 24/7 rejimda onlayn bank xizmatlaridan foydalanish va o‘z mablag‘larini xotirjam holda plastik kartalarda saqlash imkonini beradi.
Bu borada, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 30-noyabrdagi “Raqamli mahsulotlar (xizmatlar) isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish choralari to‘g‘risida” PQ-381 son qarori hamda u bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasida ham aynan bank kartalaridan mablag‘larni o‘g‘irlash holatlari haqida kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rish belgilab qo‘yilgan. Ushbu qarorda shuningdek, raqamli bank-to‘lov tizimlaridan foydalanishda zamonaviy dasturiy vositalari va ularning qo‘llashning afzalliklari bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish hamda eng muqobilini aniqlash vazifalari qo‘yilgan.
Murojaatlarning ayrimlarida tijorat banklari xodimlarining fuqarolar bilan bo‘lgan muomalasi, kasb etikasi qoidalariga zid tarzdagi harakatlari bilan bog‘liq eʼtirozlar ham uchragan. Bu kabi masasalar bo‘yicha esa tijorat banklar rahbarlari bilan birgalikda tegishli choralar ko‘rildi. Umuman, Assotsiatsiya tomonidan, 2023 yilda tijorat banklari xodimlari malakasini yana-da oshirish, jahon bank tizimlaridagi zamonaviy tajribalar bilan tanishtirish maqsadida xorijiy va mahalliy mutaxassislarni jalb etilgan holda qator o‘quv seminarlari o‘tkazildi.
Yana aholi tomonidan berilgan savollar ichida ipoteka kreditlari bo‘yicha ham ko‘plab murojaatlar bo‘lgan. Xabaringiz bor, Prezidentimizning “2023 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF 51-son farmoni asosida tijorat banklari tomonidan rasmiy daromadga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun ham ipoteka krediti berish ko‘zda tutilgan. Bu esa rasmiy daromadga ega bo‘lmagan fuqarolarga mazkur ipoteka kreditini ajratishda, ularning to‘lov qobiliyatini aniqlashda, bank plastik kartasidagi mablag‘larining aylanmasi, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarga to‘langan pullari ham hisobga olinishini ko‘rsatilgan bo‘lib, bu albatda aholiga yana-da qulayliklar yaratish maqsadida kiritilgandir. Ayni kunlarda bu turdagi ipoteka kreditini Xalq banki, Turon banklaridan olish mumkin. Kredit shartlari bilan to‘liq ushbu tijorat banklarining rasmiy sahifalaridan olishingiz mumkin.






