Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Unda prezidentimiz beshta yo‘nalishlarlarga to‘xtalib qator yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
- O‘tgan yili kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun yangi tizim joriy qilingan edi. Bu borada Biznesni rivojlantirish banki va Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etilib, yil boshidan 35 mingdan ortiq tadbirkorlarga jami 3,5 trillion so‘m mikrokreditlar ajratildi.
- Bundan tashqari, “Biznesga birinchi qadam” dasturi bo‘yicha tadbirkorlikni endi boshlayotgan 115 ming aholiga 1 trillion so‘mlik Mikroqarzlar berildi.
Ushbu tajriba yana-da kengaytirilishi belgilandi.
Endilikda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashda barcha banklar va mikromoliya tashkilotlari ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
Masalan, 100 million so‘mgacha mikrokredit bor-yo‘g‘i 9 foiz tadbirkorlarning ehtiyoji uchun yetarli ekanligi maʼlum bo‘ldi. Shu bois, mikrokreditlar miqdori 3 karra oshirilib, 300 million so‘mga yetkaziladi. Bunda kreditning 100 million so‘mgacha bo‘lgan qismiga garov talab qilinmaydi.
Bu maqsadga bir yilda 10 trillion so‘m beriladi.
Endi Tadbirkorlik kompaniyasining filiali har bir viloyatda tashkil qilinadi. Kompaniya va uning filiallari hududlarda salohiyati bor tadbirkorlarni aniqlaydi.
Kompaniya kafilliklari yaxshi kredit tarixi va yuqori barqarorlik reytingiga ega tadbirkorlarga beriladi.
O‘tkazilgan so‘rovda tadbirkorlarning 38 foizi islom moliyasi asosida resurs olish istagini bildirgan.
O‘tgan oyda mikromoliya tashkilotlariga islomiy shartlar asosida xizmat ko‘rsatishga ruxsat berildi.
Tayyorlangan yangi qonun loyihasi qabul qilinsa, islom moliyasi bilan banklar ham ishlashi mumkin bo‘ladi.
Bu – yangi moliyaviy xizmatlar taqdim etilishi, ko‘p investorlar kirib kelishi va 5 milliard dollarlik qo‘shimcha resurs paydo bo‘lishiga turtki beradi.
Davlat banklari bergan kreditning 92 trillion so‘mi yoki 30 foizi 10 ta yirik davlat korxonasiga to‘g‘ri keladi.
Yirik korxonalar transformatsiya qilinmoqda, moliya bozorlariga mustaqil chiqib, o‘zi mablag‘ jalb qilishga o‘rgatilmoqda.
Masalan, “Uzbekneftegaz”, “Uzavtosanoat” 1 milliard dollardan ortiq yevrobond chiqardi. Navoiy kombinati ham chetdan o‘zi bond olib kelishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Endi davlat jalb qilgan mablag‘larni yirik korxonalarga berish amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechilishi taʼkidlandi.
Bunday mablag‘larni berish ikki yil ichida kamida 40 foizga qisqaradi. Banklar buning hisobidan kamida 30 trillion so‘mni xususiy biznesga yo‘naltiradi.
Kredit oldi-berdisida bank ham, tadbirkor ham tavakkal qiladi. Lekin, amaliyotda bankning huquq va vakolatlari tadbirkorga nisbatan ancha ko‘proq.
Masalan, kredit vaqtida qaytmasa, garovga qo‘yilgan mulk shartnoma tuzilgan paytdagi qiymatida sotuvga chiqariladi. 3-4 yil oldin kredit olinganda 100 million so‘mga baholangan mulkning bugungi narxi 30-40 foiz qimmatlashsa, uni qanday qilib eski qiymatida sotish mumkin, deya savol qo‘ydi Prezident.
“To‘g‘ri, muammoli kredit bilan qattiq shug‘ullanish kerak, lekin bu tadbirkorni “tugatish” hisobidan bo‘lmasligi zarur”,- dedi davlat rahbari.
Endilikda garovdagi mulkni savdoga chiqarishdan oldin uning hozirgi bozor qiymati aniqlanadigan, qaytmagan qarzdorlik garov qiymatining 15 foizidan kam bo‘lsa undiruv mulkka qaratilmaydigan tizim yaratiladi. Bank mijoziga qarzni boshqa manba hisobidan qoplashga imkon beradi.